Bugun Prezident Shavkat Mirziyoev Toshkent shahridagi ana shunday bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 apreldagi bojxona ma`muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir farmonida sohani raqamli transformasiya qilish, xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish chora-tadbirlari belgilangan edi. Jumladan, shu maqsadda Bojxona qo`mitasida Bojxona rasmiylashtiruvi markazi barpo etildi.
Prezidentimiz ushbu majmuani borib ko`rdi.
Bu erda Ma`lumotlarni qayta ishlash markazi, Masofaviy elektron deklarasiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash va xavflarni boshqarish bo`limlari tashkil etilgan. Axborot tizimi xorijiy davlatlar, mamlakatimiz vazirlik va idoralari, tashqi iqtisodiy faoliyat vakillari, aviakompaniyalar ma`lumotlari bilan integrasiya qilingan. Ishni tashkil etishda tadbirkorlarning takliflari ham inobatga olingan.
Ma`lumotlarni qayta ishlash markazi amaldagi zaxiraga nisbatan
o`n barobar katta hajmli zamonaviy serverlar, kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan. Bu aloqa kanallari tezligini 5 barobarga oshirish va rasmiylashtiruv vaqtini 2 barobarga qisqartirishni ta`minlaydi. Butun tizim kiberhujumlardan himoyalangan.
Masofaviy elektron deklarasiyalash postida dastlabki bosqichda Toshkent shahri tadbirkorlari masofadan turib yuboradigan bojxona yuk deklarasiyalarini tezkorlik bilan rasmiylashtirish yo`lga qo`yildi. Keyinchalik bu bilan respublikadagi barcha rasmiylashtiruv jarayonlarini qamrab olish rejalashtirilgan.
“Call-markaz”da bojxona organlarining 11-08 ishonch telefoni hamda qo`mita veb-sayti orqali kelib tushayotgan murojaatlarga javob beriladi.
Targetlash va xavflarni boshqarish bo`limi Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikda, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ochilgan. Bu erda tezkor tuzilmalar tomonidan bojxonaning 50 ta, Jahon bojxona tashkilotining 3 ta axborot dasturi, 30 dan ortiq idoralar va xorijiy bojxonalarning ma`lumotlari tahlil qilinib, xavf-xatarlar baholanadi va barcha bojxona postlari faoliyati masofadan boshqariladi.
Markaziy bojxona laboratoriyasi ham ekspertiza jarayonlarini qisqartirish va aniqligini oshirishga qaratilgan ilg`or uskunalar bilan jihozlandi.
Umuman, Prezident farmoni asosida soha raqamlashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi vaqti o`rtacha 2 barobarga qisqardi. Masalan, shu vaqt eksport yo`nalishida 2017 yilda 5 soat 42 daqiqa bo`lgan bo`lsa, 2023 yilda 30 daqiqani tashkil etmoqda.
Import tovarlarining 80 foizi va eksport tovarlarining 89 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Bojxona yuk deklarasiyalarini sun`iy intellekt yordamida avtomatik rasmiylashtirish hajmi ham oshirilmoqda.
- Bu sharoitlar, natijalar, albatta, odamni quvontiradi. Lekin raqamlashtirish shunday jarayonki, bir joyda cheklanib qolmaydi. Sohada qilingan ishlardan ko`ra, qilinishi kerak bo`lgan vazifalar ko`p. Shuning uchun qulayliklarni muntazam oshirib borish zarur. Tizim faoliyatiga tadbirkorlar baho berishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Import tarkibining tahlili asosida mahalliy tadbirkorlarga taklif berish, bojxona hududida qayta ishlashni kengaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Xodimlarning moddiy-ijtimoiy sharoitlarini yaxshilab, tizimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish vazifasi qo`yildi.