AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev yangilangan Respublika bolalar kutubxonasini borib ko`rdi

'Shavkat Mirziyoev yangilangan Respublika bolalar kutubxonasini borib ko`rdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev yangilangan Respublika bolalar kutubxonasini borib ko`rdi.

Davlatimiz rahbari faoliyatining ilk kunlaridan yoshlar ta`lim-tarbiyasiga alohida e`tibor qaratib kelmoqda. 2017 yilda kitoblar nashr etishni rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish bo`yicha Prezident farmoyishi qabul qilingan edi. Kitobxonlarni rag`batlantirish yo`lga qo`yildi.

Bu siyosatning yana bir ifodasi sifatida yaqinda Respublika bolalar kutubxonasi yangilandi.

1907 yilda qurilgan tarixiy bino restavrasiya qilinib, zamonaviy jihozlandi. Bugun muassasa har jihatdan qulay, shinam va yorug`. Endi u nafaqat bolalar, balki kattalarning ham sevimli maskaniga aylanmoqda.

 Kutubxona o`zbek va jahon bolalar adabiyotiga oid 180 ming kitob fondiga ega. Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanilayotgani xodimlar ishini engillashtirib, kitobxon bolalarga qo`shimcha qulaylik yaratgan. Jumladan, tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta oladi. U orqali kitobxonlarni ro`yxatga olish, kitob olish va topshirish jarayonlari elektron tarzda tashkil etiladi.

 Elektron kutubxonani rivojlantirish, video va audio resurslar fondini boyitish, foydali veb-kontentlar yaratishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Audio kitoblarni tinglash xonasi tashkil etilgan.

Prezident ushbu sharoitlarni ko`zdan kechirdi, kitob o`qiyotgan va chet tillarini o`rganayotgan bolalar bilan muloqotda bo`ldi.

Davlatimiz rahbari kutubxonani maktablar bilan samarali bog`lab, 180 ming kitob fondidan ularni bahramand qilish, bu erga ko`proq yoshlarni jalb etish zarurligini ta`kidladi.

Muassasada xalqaro konferensiya, seminar va boshqa tadbirlarni ham bevosita, ham onlayn o`tkazish imkoni yaratilgan. Hudud obodonlashtirilib, yangi qiyofaga kirgan. Mo``jazgina amfiteatr tashkil etilgan.

 Kutubxonaga avtotransport ajratish, yangi kitoblar sotib olish bo`yicha ko`rsatma berildi.

    Boshqa yangiliklar