1 sentyabr kuni Google qidiruv tizimining bosh sahifasida hilpirab turgan O`zbekiston bayrog`i aks etgan.
Google vaqti-vaqti bilan bayramlar, xalqaro ahamiyatga ega xos sanalar, taniqli shaxslarning tavallud kunlari munosabati bilan o`z logosiga o`zgartirish kiritib turadi.
Dudl atalmish ushbu harakatlanuvchi o`ziga xos otkritkalar kun bo`yi tizimning bosh sahifasida "osig`liq" turadi.
Ingliz tilidagi doodle so`zi “qing`ir-qiyshiq yozuv” degan ma`noni anglatadi. 1998 yilda eng birinchi dudl “Yonayotgan odam” festivali sharafiga o`ylab topilgan. U Larri Peyj va Sergey Brin tomonidan foydalanuvchilarni agarda qidiruv serveri ishlamasa va telefon javob bermasa, o`z joylarida yo`q ekanliklaridan xabardor qilish uchun ishlab chiqilgan - ya`ni, hamma festivalga ketgan va hech kim texnik yordamni ko`rsata olmaydi.






