AsosiyDunyo

Sochidan uchgan samolyot favqulodda Novosibirskdagi ekin maydoniga qo`ndi (video)

'Sochidan uchgan samolyot favqulodda Novosibirskdagi ekin maydoniga qo`ndi (video)'ning rasmi

Sochidan Omskga uchayotgan “Ural Airlines” aviakompaniyasining Airbus-A320 layneri Novosibirsk viloyatining Ubinskiy tumanidagi dalaga favqulodda qo`nishni amalga oshirdi, deb xabar bermoqda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi. Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, qurbonlar yo`q.

Dastlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi va viloyat transport prokuraturasi samolyot bortida 159 kishi, jumladan 23 nafar bola va olti nafar ekipaj a`zosi bo`lganini ma`lum qilgan edi. Keyinroq Novosibirsk viloyati Favqulodda vaziyatlar vazirligi samolyot bortida 170 kishi bo`lganiga aniqlik kiritdi.

Flightradar ma`lumotlariga ko`ra, samolyot Omsk aeroportiga qo`nmagan, yo`nalishini o`zgartirgan, transponder kodini 7700 (asosiy signal) o`rnatgan va keyin Novosibirsk tomon uchgan. Novosibirsk aeroporti matbuot xizmati samolyot muqobil aerodromga uchayotganini tasdiqladi.

Omsk viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi Vitaliy Xosenkoning aytishicha, favqulodda qo`nishga dastlabki sabab gidravlika tizimidagi nosozlik bo`lgan. Ubinskiy tumani rahbari Oleg Konyuk agentlikka samolyotning fyuzelyaji buzilmaganini, barcha yo`lovchilar evakuasiya qilinganini aytdi. Xosenko o`zining Telegram-kanalida qutqaruvchilar voqea joyida ish olib borayotganini yozgan.

G`arbiy Sibir transport prokuraturasi hodisa sabablarini o`rganmoqda. Parvozlar xavfsizligi qonunchiligining bajarilishi tekshirilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligining mintaqaviy bosh boshqarmasiga tayanib, “RIA Novosti” favqulodda qo`nish joyida hech qanday bino va vayronalar yo`qligini xabar qilmoqda.

 

    Boshqa yangiliklar