AsosiyJamiyat

O`zbekistonda haqiqiy kuz qachon boshlanishi bashorat qilindi

'O`zbekistonda haqiqiy kuz qachon boshlanishi bashorat qilindi'ning rasmi

Umumiy taqvimga muvofiq sentyabr oyining boshlanishi kuz faslining kirib kelganini bildiradi. Ammo O`zbekistonda haqiqiy kuz fasli nisbatan kechroq boshlanadi. Xo`sh, haqiqiy kuz fasli Respublika hududida qaysi sanadan boshlanadi? Ushbu mavsumda O`zbekiston bo`ylab qanday ob-havo kuzatiladi? Mazkur savollarga Gidrometeorologiya xizmati markazi javob berdi.

Qayd etilishicha, O`zbekistonda kuzning boshlanishi iqlim sharoitiga ko`ra, taqvim sanalariga mos kelmaydi. Sentyabr oyi taqvim bo`yicha kuz oyi deb hisoblansada, lekin O`zbekistonda kam bulutli va quruq ob-havoda o`tadi. Faqat yoz fasliga qaraganda qulayroq harorat foni ustun turadi.

Iqlimshunos olimlarning fikricha, O`zbekistonda kuz aslida o`rtacha kecha-kunduzlik havo harorati 20 darajadan pastga tushganda boshlanadi.

Ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekiston hududining katta qismida o`rtacha kecha-kunduzlik havo harorati sentyabr oyining so`nggi o`n kunligida 20 darajadan pastga tushadi, ammo oy oxirigacha ushbu ko`rsatkichga yaqin bo`lib turadi.

Sentyabr oyida yog`ingarchilik yilning eng quruq oyi – avgust oyiga nisbatan biroz ko`p bo`ladi. Hududning katta qismi bo`yicha oylik yog`ingarchilik miqdori kamroq bo`lib, 2-5 millimetrni tashkil etadi. Bu ko`rsatkich janubda va cho`l hududlarida esa yanada pasayadi.

Oktyabr oyida kunlar qisqara boshlaganda, harorat pasayishi sezilarli bo`lib, yomg`ir tez-tez yog`ganda haqiqiy kuz boshlanadi. Albatta, sentyabr oyidagi ob-havo sharoiti har doim ham iqlimiy, ya`ni o`rtacha ko`p yillik sharoitlarga mos kelmaydi. Ayrim yillarda yog`ingarchilik me`yoridan 2-3 marta ko`p yoki oyning o`rtacha harorati me`yoridan 1-1,5 darajaga past bo`ladi. Ammo bunday sentyabr oylari kam, o`rtacha har 6-8 yilda bir marta kuzatiladi. 

Oktyabr va ayniqsa noyabrda o`rtacha havo harorati yanada yuqori tezlikda pasayishda davom etadi. Yog`ingarchilik tez-tez va ko`proq miqdorda bo`ladi. Noyabr oyida va kamdan-kam hollarda oktyabr oyida harorat salbiy qiymatlargacha pasayadi va nafaqat yomg`ir, balki qor ham yog`adi.

O`zbekistonda kuz o`rtacha kecha-kunduzlik havo harorati 5 darajagacha pasayganga qadar davom etadi. Hududning katta qismida bu taqvim sanalariga mos bo`lib, noyabr oyining eng oxirida sodir bo`ladi. Biroq Respublikaning shimolida "iqlimiy kuz" noyabr oyining birinchi o`n kunligida tugaydi. Ammo eng chekka janubda esa deyarli dekabr oyining oxirigacha o`rtacha kecha-kunduzlik harorat 5 darajadan yuqori bo`lib qoladi.

“Ushbu hafta oxirigacha Respublika hududi bo`yicha ob-havo sharoitida deyarli o`zgarishlar kutilmaydi. Keyingi haftada ob-havo yomonlashishi mumkin, ammo bu qisqa muddatli bo`ladi. Shuni aytish joizki, sentyabr oyining o`rtasi bo`lishiga qaramay, O`zbekistonda "iqlimiy yoz" davom etmoqda”, deya qo`shimcha qilgan agentlik.

    Boshqa yangiliklar