Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o`tkazildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Xususan, Termiz tumanida harakatlanayotgan “Matiz” rusumli avtomashina to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan,1979 yilda Samarqand shahrida tug`ilgan, Termiz shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan fuqaroning yonida 4 kg. 827 gr. “opiy”moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, ushbu giyohvandlik vositasi muqaddam afg`onistonlik narkokur`erlar tomonidan kontrabanda yo`li bilan keltirib berilganligi ma`lum bo`ldi.
Boshqa holatda esa Sariosiyo tumanida yashovchi, 1979 va 1982 yillarda tug`ilgan aka-uka 3 kg. 627 gr. “opiy” va 919 gr. “gashish” moddalarini 30 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ushlandi.
Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari muqaddam tojikistonlik narkokur`erlar tomonidan kontrabanda yo`li bilan Sariosiyo tumaniga keltirib berilgan.
Ta`kidlash lozimki, mazkur aka-uka muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog`liq jinoyatlari uchun sudlangan bo`lsalarda, o`z xatolaridan to`g`ri xulosa chiqarishmagan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.






