“Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institusional qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–306-son, 14.09.2023 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko`ra, 2023 yil 1 oktyabrdan “Kichik biznesni uzluksiz qo`llab-quvvatlash” kompleks dasturi amalga oshiriladi.
Quyidagilar “Kichik biznesga ko`maklashish markazi” mas`uliyati cheklangan jamiyatlariga onlayn ariza yuborish orqali Dasturda ishtirok etish huquqiga ega bo`ladi:
➖ kamida 1 yil mobaynida ishlayotgan YaTT, dehqon xo`jaliklari, o`zini o`zi band qilgan shaxslar, hunarmand, kasanachi, NTT, uch va undan ortiq kishini doimiy ish bilan ta`minlayotgan kichik tadbirkorlik sub`ektlari;
➖ oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida o`z biznes loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ijobiy kredit tarixiga ega bo`lgan shaxslar.
2023 yil 1 oktyabrdan Dasturda ishtirok etuvchi kichik tadbirkorlik sub`ektlariga, jumladan:
- faoliyatini yo`lga qo`yish yoki kengaytirish uchun 2 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha hamda aylanma mablag`lar uchun revolver tarzda 3 yilgacha yillik Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik yuqori stavkada 1,5 milliard so`mgacha kreditlar ajratiladi va (yoki) asosiy vositalarni sotib olish uchun lizing beriladi.
Bunda, 100 million so`mgacha kreditlarni garovsiz, 150 million so`mgacha kreditlarni garov talabi 50 foizgacha pasaytirilgan holda ajratish imkoniyati nazarda tutiladi;
- qiymati 1,5 milliard so`mgacha bo`lgan asosiy vositalar 7 yilgacha bo`lib-bo`lib to`lash sharti bilan qarzga beriladi;
- innovasion ishlanmalarni tijoratlashtirish, yuqori texnologik startap loyihalariga davlat ilmiy dasturlari doirasida 2 milliard so`mgacha grant mablag`lari ajratiladi.
2024 yil 1 yanvardan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida kreditlar 3 yilgacha muddatga 6 oylik imtiyozli davr bilan yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratiladi.
Qaror bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligi tuzilmasida Kichik va o`rta biznes rivojlanishini tahlil qilish, qo`llab-quvvatlash va sohada davlat siyosatini muvofiqlashtirish departamenti tashkil etildi.






