Avval xabar qilganimizdek, 19 sentyabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi.
"So`nggi yillarda O`zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish bo`yicha e`tiborga loyiq natijalarga erishdik. Mamlakatimizda majburiy va bolalar mehnatiga to`liq barham berildi.
Bir asr mobaynida O`zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentyabr oyidan dekabrgacha aholining asosiy qismi – o`qituvchi va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchi va xizmatchilar, eng achinarlisi, maktab o`quvchilari va talabalar paxta terimiga safarbar qilinar edi. Buning natijasida o`zbek paxtasiga boykotlar e`lon qilingan, mamlakat esa yillar davomida “qora ro`yxat”larga kiritilgan edi.
Qat`iy irodamiz tufayli endi bularning barchasi o`tmishga aylandi. Xalqimiz paxta qulligidan butkul ozod bo`ldi.
Yangi Konstitusiyamizda majburiy mehnat taqiqlanishi kafolatlab qo`yildi va buning uchun jinoiy javobgarlik belgilandi. Majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashni butun dunyo miqyosida kuchaytirish zarur, deb hisoblayman", - dedi O`zbekiston rahbari.