AsosiySalomatlik
7450

3 yoshgacha bo`lgan bolalarga qanday mahsulotlar mumkin emas?

Biz foydali va mazali deb bilgan ayrim mahsulotlar, buni qarangki, bolalar organizmi uchun nojo`ya ta`sir ko`rsatishi mumkin ekan. Dietologlar, ayniqsa, uch yoshgacha bo`lgan bolalar taomnomasiga jiddiy e`tibor berishni tavsiya etishadi. Quyida 3 yoshgacha bo`lgan bolakaylar uchun tavsiya etilmaydigan mahsulotlar bilan tanishtiramiz.

 

BALIQ ShO`RVA

Go`shti foydali bo`lsa-da, kichik yoshdagi bolakay oshqozoni uchun og`irlik qilishi mumkin. Chunki baliq go`shtining bu tariqa tayyorlangani rivojlanayotgan oshqozonda oson hazm bo`lmaydi. Yaxshisi, sabzavotli sho`rvaga diqqat qiling.

KOLBASA (QAYNATILGANI)

Sutli va qaynatilgan kolbasa, sosiska mahsulotlari bir qarashda engil hazm bo`ladigandek ko`rinadi. Aslida esa tarkibidagi yog`, tuz va ozuqa qo`shimchalari borligi sababli bu yoshdagi bolalar uchun tavsiya etilmaydi.

BALIQ UVILDIRIG`I (IKRASI)

Sariyog` ustiga yupqa surtilgan baliq uvildirig`i immunitetga foydali, deya ta`kidlanadi. Ammo bu etti yoshdan oshgan bolalar uchun. 3 yoshgacha bo`lganlarga esa yaxshisi berilmagani ma`qul.

SABZAVOTLI IKRA, TUZLAMALAR

Ba`zi bolalar kichikligidan tuzlamayu ikralarni yoqtirishadi. Bolaning ta`m ajratish qobiliyatini e`tiborga olish lozim. Ammo bu bilan oshqozoniga zarar qilib qo`ymaslik kerak. Ayniqsa, qattiq qovurilgan sabzavotli ikra, tuzlamalar hozir bilinmasa ham, keyinchalik gastrit yoki oshqozon yarasini keltirib chiqarishi mumkin.

QO`ZIQORIN

Maktab yoshiga to`lmagan bolalarga qo`ziqorinning bug`da tayyorlangan, qaynatilgan umuman har qanday ko`rinishdagisi tavsiya etilmaydi. Bu mahsulot oshqozonda uzoq vaqt hazm bo`ladi. Shu bois bolalar taomnomasiga kiritilmagani ma`qul.

MUZQAYMOQ

Emulgatorlar, aromatizator va o`simlik yog`laridan tayyorlangan muzqaymoqlar kichik yoshdagi bolalar uchun mumkin emas. Birinchidan kimyoviy ozuqa qo`shimchalari bor, qolaversa, shirin ta`m beruvchi birikmalari bolakayda turli allergik ta`sirlarni keltirib chiqarishi mumkin.

OShIRMA BULOChKALAR

Xamirturush ta`sirida oshgan xamirni rivojlanayotgan bola organizmi yaxshi qabul qilmaydi. Ayniqsa, oshqozon osti bezi qiynaladi. Shu bois bu turdagi xamirdan tayyorlangan shirinliklarni sotib olishdan avval bolakayning sog`ligi haqida ham o`ylab ko`ring.

ShOKOLAD

Tarkibida sut miqdori yuqori bo`lgan shokoladlar bejiz bolalar uchun ishlab chiqilmagan. Chunki o`zimiz sevib iste`mol qiladiganlarining tarkibida kakao ko`p. Kakao esa allergik ta`sirlarni keltirib chiqarishi mumkin.

TABIIY ShARBATLAR

Yangi chiqarilgan meva va sabzavotlarni teng miqdorda qaynatib ilitilgan suv bilan aralashtirish lozim. Chunki ayrimlari bolakayning oshqozon shirasiga ta`sir etib, qorin og`riqlari va ichaklar faoliyatining buzilishiga olib kelishi mumkin. 

Boshqa yangiliklar