AsosiyJamiyat

Eron bilan buyuk ajdodlarimiz haqida filmlarni suratga olinadi

'Eron bilan buyuk ajdodlarimiz haqida filmlarni suratga olinadi'ning rasmi

Mamlakatimiz elchixonasi ko`magida Eron madaniyat vazirining o`rinbosari, Kino tashkiloti rahbari Muhammad Xazaiy boshchiligidagi ushbu davlat delegasiyaning "Ipak yo`li durdonasi" XV Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtiroki tashkil etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

Eron delegasiyasini O`zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov qabul qildi. Uchrashuvda ikki mamlakat o`rtasida madaniyat va kino sohasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O`zbekiston va Eron o`rtasidagi tarixiy aloqalarni inobatga olib, Alisher Navoiy va Sharofiddin Ali Yazdiy kabi buyuk ajdodlarimiz haqida hamkorlikda filmlarni suratga olish masalalari xususida fikr almashildi.

Muhammad Xazaiy O`zbekiston Markaziy Osiyoning siyosiy va madaniy sohada eng ilg`or mamlakati ekanini ta`kidlab, o`zining tarixiy, madaniy va diniy ildizlari bilan xalqaro hamjamiyatda muhim o`rin tutishini alohida ta`kidladi. «Madaniy mushtaraklik ikki mamlakat xalqlari o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlashning fundamental asosidir. Ikki mamlakat sivilizasiyalari bir-biriga bog`langan. O`zbekistonliklar uchun Mashhad, Sabzevar, Isfahon, Tehron, Tabriz, Sheroz, Nishopur, Kirmon shaharlari mashhur bo`lsa, Eron xalqi uchun Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Farg`ona va Toshkent shaharlari  juda aziz», dedi Eron madaniyat vazirining o`rinbosari.

Muhammad Xazaiy, shuningdek,  O`zbekiston va Eronda o`zaro kino haftaliklarini o`tkazish taklifini bildirdi.

Uchrashuv yakunida O`zbekiston Kinematografiya agentligi va Eron Kino tashkiloti o`rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hujjat O`zbekiston Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov va Eron  Kino tashkiloti rahbari Muhammad Xazaiy tomonidan imzolandi. 

    Boshqa yangiliklar