AsosiyJamiyat

Prezident Nazar To`raev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

'Prezident Nazar To`raev vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi'ning rasmi

Xabaringiz bor, fizikaviy elektronika sohasidagi yirik olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi Nazar Yuldashevich To`raev 2023 yil 3 oktyabr kuni 85 yoshida vafot etdi.

Shu munosabat bilan Sh. Mirziyoev, T. Norboeva, N. Ismoilov, A.Aripov, B. Yuldashevlar akademikning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

"Nazar To`raev mamlakatimiz va xalqaro ilmiy jamoatchilik o`rtasida fizikaviy elektronika yo`nalishida maktab yaratgan olim sifatida katta hurmat va e`tiborga sazovor bo`ldi.

Fidoyi olimning fizikaviy elektronikaning nazariy va amaliy masalalariga bag`ishlangan ko`plab maqolalari, monografiya va o`quv-metodik qo`llanmalari chop etilgan.

Mehribon va jonkuyar ustoz sifatida ko`plab yoshlarga ilm-fan asoslaridan saboq bergan. Uning rahbarligida 10 nafardan ortiq fan doktori va 20 nafarga yaqin fan nomzodlari tayyorlandi.

Nazar To`raev jamoat ishlarida ham faol ishtirok etdi. 1990-1995 yillarda mamlakatimiz parlamenti deputati sifatida milliy mustaqilligimizning huquqiy poydevorini mustahkamlashda jonbozlik ko`rsatdi.

Akademik Nazar To`raevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “O`zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Nazar To`raevning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi", deyiladi ta`ziyanomada.

 

Nazar To`raev 1938 yil 19 mayda Surxondaryo viloyatining Denov shahrida tug`ildi. 1961 yili Samarqand davlat universitetini tamomlab, mehnat faoliyatini Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodim lavozimida boshladi. Zahmatkash olim o`zining 60 yillik mehnat faoliyati davomida Yadro fizikasi instituti aspiranti, Elektronika instituti ilmiy kotibi, Toshkent politexnika instituti kafedra mudiri, Termiz davlat universiteti rektori, Fanlar akademiyasining “FANUM” ilmiy-o`quv markazi direktori kabi mas`ul lavozimlarda samarali faoliyat ko`rsatib, mamlakatimiz ilm-fan sohasini taraqqiy ettirish, etuk kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo`shdi.

U 1968 yilda nomzodlik, 1981 yilda doktorlik dissertasiyasini himoya qildi. 2000 yilda O`zbekiston Fanlar akademiyasining a`zosi etib saylandi.

    Boshqa yangiliklar