Joriy yil 9 oktyabrida Hukumat tomonidan yaylov erlardan foydalanish sohasidagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilganligi munosabati bilan O`zbekiston hududida chegara rejimi to`g`risidagi nizomga o`zgartirish va qo`shimcha kiritishga doir qaror qabul qilindi.
Ushbu hujjat bilan mazkur Nizom chegaraoldi zonasida va chegaraoldi mintaqasidagi yaylov erlardan foydalanish tartibini belgilovchi bob bilan to`ldirilmoqda.
Ya`ni, endilikda chegaraoldi zonasida va chegaraoldi mintaqasidagi yaylov erlardan Qishloq xo`jaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo`mitasi tomonidan bir yilda bir marotaba shakllantiriladigan ro`yxatga kiritilgan shaxslar foydalanishlari mumkin. Shakllantirilgan ro`yxat esa DXX Chegara qo`shinlari va ichki ishlar organlariga yuboriladi.
Erdan foydalanish ijara huquqi asosida amalga oshiriladi, mollarni o`tlatishga faqatgina kunduz kuni ruxsat beriladi.
Shaxs erdan foydalanish huquqini yo`qotganda Qo`mita 10 kunlik muddat ichida DXX Chegara qo`shinlari va ichki ishlar organlarini xabardor etadi.






