O`zbekistonda joriy yilda toshqin suvlari, sel va suv oqimlarini xavfsiz o`tkazish tadbirlariga 115 mlrd so`m yo`naltirildi. Bu haqda AOKAda o`tkazilgan brifingda Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshlig`i Furqat Abdiqodirov ma`lum qildi.
O`zbekiston o`z geografik va geologik xususiyatlariga ko`ra, tabiiy ofat va xavf-xatarlarga moyil hudud hisoblanadi.
Shunga ko`ra doimiy ravishda Favquloda vaziyatlar, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi, Tog`-kon sanoati va geologiya, Suv xo`jaligi vazirliklari va boshqa mas`ul idoralar xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan sel, toshqin va ko`chki xavfi mavjud hududlar o`rganib chiqildi.
O`rganish natijalariga ko`ra, 1 027 ta xo`jalik 5 127 nafar fuqaro vaqtinchalik xavfsiz hududlarga ko`chirilib, 137 ta xo`jalik 674 nafar fuqarolar muhandislik-muhofaza tadbirlari to`liq amalga oshirilganligi munosabati bilan sel va toshqin suvlaridan muhofaza qilindi.
Global muammo bo`lgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish hamda mavjud ahvolni yaxshilash uchun O`zbekiston o`z imkoniyatlari darajasida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda qurg`oqchilikka chidamli o`simliklardan iborat yashil hududlar barpo etish orqali yangi o`simlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish bo`yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.






