AsosiyJamiyat

Toshkentda “Davlat tilini rivojlantirishda innovasion echimlar” mavzusida tadbir o`tkazildi

'Toshkentda “Davlat tilini rivojlantirishda innovasion echimlar” mavzusida tadbir o`tkazildi'ning rasmi

Adliya vazirligi 21 oktyabr-“O`zbek tili bayrami” kuni munosabati bilan “Davlat tilini rivojlantirishda innovasion echimlar” mavzusidagi tadbirni o`tkazdi. Tadbirda ikki muhim loyiha jamoatchilikka taqdimoti bo`lib o`tdi. 

Tadbirda quyidagi ikki loyiha jamoatchilikka taqdim etildi.

I. Yuridik atamalar elektron lug`ati. Bugungi kunda yuridik terminlar tizimini tartibga solish (unifikasiyalash va standartlashtirish) va shu asosda mamlakatimizda barcha huquq-sudlov tizimi uchun yuridik terminlar tezaurusining yagona elektron platformasini ishlab chiqish ehtiyoji mavjud edi. Ushbu vazifa ijrosini ta`minlash maqsadida “Yuridik terminlar elektron tezaurusi va innovasion multimediya portali” ishlab chiqildi.

Loyiha kim tomonidan tayyorlandi? Loyihada Adliya vazirligi, Toshkent davlat Yuridik universiteti, “Adolat” MHAM va boshqa adliya muassasalari mutaxassislari ishtirok etdi. 

Loyihada qancha termin qamrab olingan? Bugungi kunda jami 3236 ta yuridik termin va tushunchaning tezaurus lug`at maqolasi tayyorlangan, ulardan 2116 tasi thesaurus.tsul.uz platformasiga joylashtirilgan, 1126 ta termin ekspertiza bosqichida. Ekspertizadan o`tgandan keyin ular ham platformaga joylashtiriladi.

Platformadan foydalanish bo`yicha 5 ta videoyo`riqnoma yaratilgan bo`lib, ularda barcha jarayonlar batafsil tushuntirilgan va thesaurus.tsul.uz platformasiga joylashtirilgan.

Kutilayotgan natijalar: huquqiy terminlarning tartibga solinadi; yuridik tushunchalar bitta platformada jamlanadi; huquqiy ta`lim uchun qulaylik yaratiladi; qonun ijodkorligida samaradorlik ortadi; boshqa fan va texnika sohalari tezauruslari uchun namuna bo`ladi; yuridik tilni takomillashtirishga yordam beradi; huquqiy terminlar tartibga solinadi.

Platforma orqali fuqarolarga huquqiy yordam ko`rsatish darajasini oshirish, markazlashgan elektron bazalarni yaratish, boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan elektron tarzda ma`lumot almashishni tashkillashtirish bo`yicha bir qator natijalarga erishish mumkin.

Jumladan, ushbu platforma “Qonun hujjatlari ma`lumotlari Milliy bazasi”(Lex.uz tizimi) yanada rivojlantirilishiga hissa qo`shadi. Shuningdek, uning “Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari yagona elektron arxivi”, “Notariuslar ma`lumotlarining avtomatlashtirilgan tizimi” va Sud departamentining “E-Ijro” axborot tizimlari bilan integrasiya qilinishi ularda qo`llaniladigan yuridik terminlar unifikasiyasiga xizmat qiladi.

II.O`ZBEK ISMLARINING IZOHLI IMLO LUG`ATI. Ushbu ish “O`zbek ismlarining izohli imlo lug`ati va mobil ilovasini yaratish” nomli innovasion loyiha doirasida bajarilgan.

Loyihaning maqsadi. Bugungi kunda Davlat xizmatlari tizimida, xususan, FHDYo bo`limlarida, shuningdek, fuqarolik pasportlarini rasmiylashtirish jarayonida o`zbek ismlarining lotin hamda kirill alifbosidagi imlosi, ismlar ma`nosi izohi, shuningdek, pasport tizimida ularning ingliz tilidagi variantining to`g`ri yozilishida qator muammolar mavjud. Shuningdek, tilimiz yangi ismlar bilan boyitilgan bir jarayonda ularning imlosi bilan bog`liq muammolarga echim sifatida "O`zbek ismlarining izohli imlo lug`ati" hamda uning mobil ilovasi yaratildi. 

Loyiha kim tomonidan tayyorlandi?Loyiha Adliya vazirligi tashabbusi va taklifiga ko`ra O`zbekiston respublikasi Fanlar Akademiyasi O`zbek tili, adabiyoti va folklori institutiAlisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O`zbek tili va adabiyoti universiteti, Alfraganus universiteti, O`zbekiston xalqaro Islom akademiyasiolimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan yaratildi.

Lug`atda qancha ism mavjud? Hozirda portalda 10 ming atrofida ismlar mavjud. Xususan, arabcha, o`zbekcha, turkcha, tatarcha, mo`g`ulcha, yunoncha, suryoniycha, pahlaviycha, yahudiycha, so`g`dcha, o`zbekcha-qadimiy turkcha ismlar keltirilgan.

Kutilayotgan natijalar. Loyiha natijalari o`zbek ismlari lug`atini qadriyatlarimizga mos ismlar bilan boyitish va zaxirasini tartibga solishga yordam beradi; Davlat xizmatlari tizimi, FHDYo bo`limlari, fuqarolik pasportini qayd qilish sohalari mutaxassislarining ismlarni til qoidalari va qonuniyatlariga mos tarzda qayd qilishlari uchun muhim qo`llanma bo`lib xizmat qiladi; lug`atning zamonaviy elektron shakllarini yaratish kelgusida uni muntazam boyitib borish imkonini beradi va ulardan istalgan paytda foydalanish uchun qulayliklar yaratadi.

Ushbu elektron lug`atda ismlarning o`zbek tili lotin alifbosida hamda ingliz tilida yozilishi va ma`nosi (izohi) aks etgan. Lug`at FHDYo elektron tizimiga integrasiya qilinadi.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

 

    Boshqa yangiliklar