AsosiyJamiyat

O`zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatlari kengaytirildi

'O`zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakolatlari kengaytirildi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoev sanoat va uning tayanch tarmoqlarini jadal rivojlantirishga qaratilgan qarorni imzoladi.

Davlat sanoat siyosatini amalga oshirish va bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish bo`yicha vazifa va funksiyalar Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuklatilmoqda.

Ilgari bu Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi zimmasiga yuklatilgan bo`lib, vazirlik mahalliy sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarish, investisiya, eksport, mahalliylashtirish va sanoat zonalarini rivojlantirish yo`nalishlarini saqlab qolgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan sanoatni rivojlantirish bo`yicha berilgan vakolatlarni hisobga olgan holda iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo`chqorovning o`rinbosarlariga qo`shimcha vazifalar yuklatilgan.

Vazir birinchi o`rinbosari Ilhom Norqulov endilikda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va eksportchilar uchun global iqtisodiy-moliyaviy vaziyat hamda bozor kon`yunkturasi xavfini baholashga ham mas`ul bo`ladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirining o`rinbosari Bobur Xo`jaevga quyidagilar yuklatilmoqda:

  • Iqtisodiyot va moliya vazirligining sanoatni rivojlantirish bo`yicha hududiy boshqarmalari va bo`linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish, sanoat siyosatini ishlab chiqish va uni amalga oshirish uchun mas`ul bo`lish;
  • yirik sanoat korxonalarida va hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini monitoring qilish hamda prognoz ko`rsatkichlariga erishishda mavjud risklarni aniqlash va bartaraf etish;
  • korxonalarni bazaviy tarmoqlarga aylantirish, mahsulot va xizmatlar tannarxini pasaytirish, ularning moliyaviy barqarorligi va faoliyat samaradorligini oshirish;
  • Energetika vazirligi bilan birgalikda — elektr energiyasi va tabiiy gaz bozorlarini isloh qilish va rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish uchun;
  • iqtisodiyot tarmoqlarida tarif siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlarini tahlil qilish va qabul qilish.

Vazir o`rinbosari Adiz Boboev hududlarni sanoat rivojlanishi bo`yicha ishlab chiqarish infratuzilmasini takomillashtirish, sanoat zonalari va yangi tashkil etilayotgan yirik korxonalarning infratuzilma ta`minoti holatini tahlil qilish, ularni moliyalashtirishni muvofiqlashtirish bilan shug`ullanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan xalqaro konsalting kompaniyalarini jalb etgan holda sanoat siyosatini amalga oshirish va bazaviy tarmoqlarni rivojlantirish yo`nalishlarini ishlab chiqish bo`yicha loyiha byurosini tashkil etish rejalashtirilgan. 

    Boshqa yangiliklar