Amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida bo`lib turgan Shavkat Mirziyoev Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bepdi.
Qirg`iziston prezidenti Sadir Japarov raisligida o`tgan sammit ishida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog`iston prezidenti Qasim-Jomart Toqaev, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov va MDH bosh kotibi Sergey Lebedev ham qatnashdi. Kun tartibiga muvofiq, MDH doirasidagi ko`p qirrali munosabatlarning holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbari o`z nutqida Hamdo`stlik doirasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo`yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi.
O`zbekiston Prezidenti mavjud imkkoniyatlarni birgalikda baholash va o`zaro muvofiqlashtirilgan choralar ko`rish uchun MDHdek noyob platformani ishga solish muhimligini alohida qayd etdi. Shu ma`noda, ko`p tomonlama hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqish maqsadida MDH mamlakatlarining etakchi tahlil markazlari va ekspertlarining konferensiyasini tashkil etish taklif qilindi.
Mamlakat etakchisi Hamdo`stlik mamlakatlarida barqaror iqtisodiy o`sishni ta`minlash zarurligini ta`kidladi. Tashkilot makonida istisno va cheklovlarsiz to`laqonli erkin savdo hududini shakllantirish muhimligiga e`tibor qaratildi. Shu munosabat bilan tegishli shartnoma qoidalarini qayta ko`rib chiqish taklif etildi. O`zbekiston Prezidenti mamlakatlar o`rtasidagi tovar ayirboshlashda mavjud mexanizmlarni samarali ishga solishga chaqirdi va uni rag`batlantirishning yangi vositalarini taklif qildi.
Davlat rahbari o`zaro investisiyalarni rag`batlantirish va loyihalarni ilgari surish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish hamda MDH mamlakatlarining Sanoat kooperasiyasi va innovasion ishlanmalari forumini o`tkazish tashabbusini ilgari surdi.
Energetika va oziq-ovqat sohalarida hamkorlik qilish, iqtisodiyotning tegishli tarmoqlarida ilg`or texnologiyalarni joriy etish va kooperasiyani kuchaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.
Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik bo`yicha yangilangan dasturni hamda Agrosanoat majmuidagi kooperasiyaning asosiy yo`nalishlari to`g`risidagi bitimni tayyorlash taklif qilindi. O`zbekiston etakchisi hududlararo hamkorlikni faollashtirish bo`yicha “yo`l xaritasi”ni tayyorlash tashabbusi bilan chiqdi, transport jihatidan o`zaro bog`liqlikni kuchaytirish, yo`lovchi va yuk tashishni ko`paytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ko`rsatib o`tdi.
Global iqlim isishi oqibatlariga qarshi kurashishda sa`y-harakatlarni birlashtirish muhimligi qayd etildi.
Kelgusi yilda Samarqandda o`tkazilishi rejalashtirilgan BMT shafeligidagi Xalqaro iqlim forumi doirasida MDH makonidagi ekologik xavf-xatarlarga bag`ishlangan maxsus yalpi sessiyani tashkil etishga tayyorlik bildirildi. Gumanitar soha haqida so`z yuritilar ekan, 2024 yilda Hamdo`stlikning madaniy poytaxti deb e`lon qilingan Samarqand shahrida MDH madaniyat, san`at va kino haftaligini o`tkazish taklif qilindi.
Shuningdek, kelgusi yilda MDHning yoshlar poytaxti maqomini olgan Toshkent shahrida bir qator yoshlarga oid tadbirlar, shu jumladan futbol musobaqasi bo`lib o`tadi. Mamlakat etakchisi o`z so`zida ta`lim sohasida va sayyohlik almashinuvini rivojlantirish borasida ham muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Nutqining so`ngida O`zbekiston prezidenti Rossiya prezidentini 2024 yilda Tashkilotga raislikni qabul qilib olgani bilan tabrikladi. Sammit yakunida MDH doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari bo`yicha qator bitim va qarorlar qabul qilindi.