Prezident Shavkat Mirziyoev bugun Toshkent shahridagi yangi infratuzilma inshootlari va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan tanishmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar bermoqda.
So`nggi yillarda poytaxtimiz ham aholi, ham hudud jihatidan o`smoqda. Muhandislik tarmoqlari quvvati shunga mutanosib tarzda oshirib borilmoqda.
Xususan, Shayxontohur tumanida, «Paxtakor» stadioni yaqinida yangi podstansiya qurildi. Loyiha doirasida «Traktorsoz» podstansiyasidan 19 kilometrdan ziyod kabel tortilib, 2 ta transformator o`rnatildi. U kelgusi oyda ishga tushiriladi. Buning natijasida poytaxtimiz markazida kafolatlangan 130 megavatt qo`shimcha elektr energiyasi hosil bo`ladi. Shahardagi boshqa podstansiyalarga yuklama kamayib, avariyaviy holatlar ehtimoli 60 foizga qisqaradi.
Davlatimiz rahbari shu erda Toshkent shahri elektr ta`minoti tizimidagi qurilish va modernizasiya ishlariga oid taqdimot bilan tanishdi. Yana beshta podstansiya qurilayotgani va to`rttasi yangilayotgani, ularda jami 850 megavatt qo`shimcha quvvat yaratilishi qayd etildi.






