AsosiyJamiyat

Prezident Chilonzordagi mahalla bog`iga ko`chat ekdi

'Prezident Chilonzordagi mahalla bog`iga ko`chat ekdi'ning rasmi

Davlat rahbari “Yashil makon” loyihasi doirasida kuzgi daraxt ekish mavsumini boshlab berdi. Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Oqtepa va Bog`zor mahallalariga tashrifi chog`ida jamoatchilik bilan birga ko`chat ekdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan daraxt ekish, yashil hududlarni ko`paytirish katta harakatga aylanmoqda. Bu mavsumda 85 million tup ko`chat o`tqazilishi mo`ljallangan. O`rmon xo`jaligi agentligi tomonidan har bir mahallaga 200 tadan ko`chat bepul etkazib beriladi. Shuningdek, 15 oktyabrdan barcha tuman va mahallalarda ko`chat yarmarkasi tashkil qilinadi.

Mahalla aholisi bilan suhbatda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoni haqida so`z bordi.

- Bugun kelishimizdan maqsad - o`tgan yilgi saboqdan natija nima bo`lganini ko`rish, - dedi davlatimiz rahbari. - Buning uchun kerakli qarorlar qabul qildik, katta mablag`lar ajratdik. Xorijdan texnologiyalar, mutaxassislar olib keldik. Soha xodimlari qo`shimcha o`qitildi, ularning oyliklari oshirildi. Hozir rahbarlarga har bir mahalla, har bir ko`p qavatli uy, maktab, shifoxonalarga kirib, issiqlikni kafolatlash bo`yicha yana topshiriqlar berdim. Eng muhimi, bu borada xalq nazoratini yo`lga qo`yamiz. Shu bilan birga, energiya tejamkorlik madaniyatini oshirish kerak. Sizga o`xshagan ko`pni ko`rgan insonlar, ziyolilar bunda namuna, davlatga ko`makchi bo`lishi zarur.

Jamoatchilik vakillari kuz-qishga tayyorgarlikni, yurtimizdagi o`zgarishlarni e`tirof etib, o`z uylari va barcha muassasalarda issiqlikni asrashda jonkuyar bo`lishlarini ta`kidlashdi.

    Boshqa yangiliklar