AsosiyDunyo

BAA va O`zbekiston o`rtasidagi aviaqatnovlar soni oshishi mumkin

'BAA va O`zbekiston o`rtasidagi aviaqatnovlar soni oshishi mumkin'ning rasmi

O`zbekiston elchisi Abdulaziz Aqqulov BAA Fuqaro aviasiyasi bosh idorasi direktori Saif Muhammad Al Suvaydiy bilan uchrashuv o`tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Muloqot chog`ida ikki davlat o`rtasidagi mavjud aviaqatnovlar sonini oshirish, berilgan so`rovlarni ko`rib chiqish jarayonini tezlashtirish hamda kelgusida o`zaro manfaatli qatnovlarni hududiy aeroportlarga ham yo`lga qo`yish masalalari muhokama qilindi.

Saif Muhammad Al Suvaydiy ikki davlat o`rtasidagi parvozlar mavsumiylikdan kelib chiqib, 2023 yilda 46 tagacha etganini ma`lum qildi. U, shuningdek, Amirliklar tomoni parvozlar sonini yanada oshirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Mamlakatimiz diplomatlari, o`z navbatida, yurtimizda so`nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan sayyohlik sohasidagi o`zgarishlar xususida  batafsil ma`lumot berishdi.  Toshkent shahri bilan bir qatorda Samarqand, Buxoro, Urganch va Namangan shaharlariga yangi parvozlarni yo`lga qo`yish va mavjudlari sonini oshirish, BAA aviakompaniyalari nafaqat Amirliklardan, balki Yaqin Sharq davlatlaridan sayyohlarni tashishda ko`prik vazifasini bajarishi mumkinligi qayd etildi.

Bo`lib o`tgan uchrashuv so`nggida tomonlar ikki davlat o`rtasidagi parvozlar sonini oshirish bo`yicha muzokaralarni davom ettirish, elchixona ko`magida tegishli kompaniya va tashkilotlar bilan maslahatlashuvlarni tashkil etish bo`yicha kelishib oldilar.  

    Boshqa yangiliklar