Me`yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida “Huquqbuzarliklarni oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida” O`zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilinmoqda.
Hujjatga muvofiq, qonun bilan taqiqlangan ekinlarni etishtirish, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o`tkazish maqsadini ko`zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash hamda ularni qonunga xilof ravishda o`tkazish, shuningdek ularni o`tkazish maqsadini ko`zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Bundan tashqari, residivizm jinoyatning eng xavfli turlaridan biri hisoblanishi, o`ta xavfli residivist maqomiga ega shaxslar o`zgaruvchan va ayniqsa voyaga etmagan shaxslarga salbiy ta`sir ko`rsatishini inobatga olib Qonun bilan Jinoyat kodeksida belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq yoki boshqa engilroq turdagi jazoni o`ta xavfli residivistlarga nisbatan tayinlashga taqiq belgilanmoqda.
Xususan, JK ning 57-moddasiga 4-band qo`shilib, unga ko`ra moddada keltirilgan qoidalar o`ta xavfli residivistlarga qo`llanilmasligi ko`zda tutilgan. Bundan tashqari, qator moddalarga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilib, yangi tahrirda talqin qilinmoqda.






