O`zbekistonning turli hududlaridagi umumta`lim maktablarida faoliyat yurituvchi bir guruh o`qituvchilar “Ma`rifat” gazetasini saqlab qolish borasida murojaat qildi.
“Hurmatli davlat idoralari va ta`lim tashkilotlari rahbarlari, qadrli hamkasblar, umumta`lim maktablarining fidoyi va zahmatkash o`qituvchilari, biz mamlakatimizning turli hududlaridagi umumta`lim maktablarida faoliyat yurituvchi bir guruh o`qituvchilar sizlarga yurtimiz kelajagiga daxldor o`ta muhim masala yuzasidan murojaat qilmoqdamiz”, − deb boshlanadi murojaat matni.
“So`nggi yillarda majburiy obunaga qarshi kurash bahonasida o`qituvchilar va bosma ta`lim nashrlari o`rtasidagi aloqa deyarli uzildi. Har yili ko`plab gazeta va jurnallar yopilmoqda. Mantiqiy olib qaralganda − bu milliy fojiadir. O`z vaqtida yuz minglab nusxalarda nashr etilgan, mamlakatimiz ziyolilarining otaxon nashri − “Ma`rifat” gazetasi ham og`ir ahvolda, yopilib ketish darajasiga kelib qolgan”.Shuningdek, murojaatda bosma nashrlar, xususan, ta`lim nashrlari rivoji uchun xizmat qiladigan Prezident Qarorlari(2022-yil 11-maydagi 241-PQ va 2022-yil 27-iyundagi 294-PQ)da ta`lim muassasalarini ta`lim nashrlari, xususan “Ma`rifat” va “Uchitel Uzbekistana” gazetalari bilan ta`minlash ko`zda tutilgani, biroq mazkur qarorlar ijrosi mas`ul rahbarlar tomonidan etarlicha ta`minlanmagani aytiladi.
“Hurmatli davlat hokimiyati organlari va ta`lim muassasalari rahbarlari! Sizlardan Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan, yuqorida ko`rsatib o`tilgan qarorlarning ijrosini ta`minlashlaringizni so`raymiz. Zero, bu bilan ham xizmat burchingizni bajargan, ham mamlakatimiz kelajagiga hissa qo`shgan bo`lar edingiz. Chunki ta`lim muassasalariga etib borgan “Ma`rifat” gazetasining har bir soni o`sha ta`lim muassasasida faoliyat yuritayotgan o`qituvchilarning malaka va saviyasining, tajriba va mahoratining, o`quvchilarning esa bilim sifatining o`sishiga ko`mak beradi.Hurmatli o`qituvchilar, aziz hamkasblar! Keling, bilim va mahoratimizni oshirish, o`zaro tajriba almashish, o`qish va o`rganish uchun xizmat qiladigan sevimli gazetamiz “Ma`rifat”ga obuna bo`laylik. Biz ulkan kuchmiz. Agar obuna bir kishiga qimmatlik qiladi desangiz, 5-6 kishi birikib obuna bo`lsak ham, sevimli gazetamizning tiraji yuz ming nusxadan oshardi. Hurmatli hamkasblar, sevimli gazetamiz “Ma`rifat”ga obuna bo`laylik!”, — deyiladi murojaatda.






