AQSh prezidenti Jo Bayden 18 oktyabr kuni Isroilga tashrif buyuradi. Bu haqda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga tayanib, Zamon.uz ma`lum qildi.
“Birinchidan, prezident AQShning Isroil bilan birdamligini va uning xavfsizligiga sodiqligimizni yana bir bor tasdiqlaydi. Ikkinchidan, prezident Bayden ushbu inqirozdan foydalanib Isroilga hujum qilmoqchi bo`lgan har qanday davlat yoki nodavlat sub`ektlariga bunday qilmaslik haqida aniq xabarimizni yuboradi”, — dedi Blinken.
Tashrif davomida Baydenga Isroilning harbiy maqsadlari va strategiyasi haqida ma`lumot beriladi. Blinkenning qo`shimcha qilishicha, AQSh prezidenti Isroil armiyasi harbiy amaliyot davomida “tinch aholi orasida qurbonlarni minimallashtirish va gumanitar yordamning HAMAS qo`liga tushmasdan, G`azo sektoridagi tinch aholiga etib borishini” ta`minlash borasidagi rejalari bilan tanishmoqchi.
Avvalroq Blinken Yaqin Sharqqa safari doirasida Isroilga tashrif buyurgandi. U Isroildan tashqari Iordaniya, Qatar, Bahrayn, Misr, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarida bo`ldi.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ham Isroilga keldi. U hamkasbi Yoav Galant bilan uchrashdi. Pentagon rahbari uni Qo`shma Shtatlar Isroilni kuchli qo`llab-quvvatlashiga va Tel-Avivni “o`zini himoya qilish uchun zarur bo`lgan hamma narsa bilan” ta`minlashiga ishontirdi.






