18 oktyabr kuni Ozarbayjonda umumxalq bayrami – bundan roppa-rosa 32 yil avval davlat mustaqilligini tiklagan kun keng nishonlandi. Ikki yildan buyon Ozarbayjon bu kunni 30 yillik adolatsizlikka barham berib, hududiy yaxlitligi va tarixiy adolatini tiklagan g‘olib davlat sifatida boshini baland ko‘tarib nishonlamoqda.
1991 yil 18 oktyabrda Respublika Oliy Kengashi Ozarbayjonning davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy aktni qabul qildi va o‘sha yilning 30 dekabrida o‘tkazilgan referendum bu hujjatni qonuniy rasmiylashtirdi. Shunday qilib, Ozarbayjon davlat mustaqilligiga erishdi.
Dastlab bu bayram Davlat Mustaqilligi kuni deb atalgan, ammo Ozarbayjon parlamentining 2021 yil 12 oktyabrdagi yalpi majlisida qonun qabul qilingan, unga ko‘ra 18 oktyabr mamlakatda Mustaqillikni tiklash kuni sifatida nishonlanadi.
Mustaqillikning dastlabki yillari bo‘lgan davr juda og‘ir edi – ozarbayjon xalqi Armanistonning harbiy tajovuzi, arman bosqinchilarining xalqqa qarshi amalga oshirgan etnik tozalashiga duch keldi. Shu bilan birga, mamlakat chuqur siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy inqirozga yuz tutdi. Faqat 1993 yilda umummilliy lider Haydar Aliyevning respublika rahbariyatiga qaytishi tufayli Ozarbayjon fuqarolar urushi xavfini bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi, separatistik tendensiyalarga chek qo‘yildi, davlat va xalq birligi taʼminlandi, negiz mustahkamlandi, iqtisodiy taraqqiyot yo‘lga qo‘yildi.
Shu yillar davomida maʼlum kuchlar Ozarbayjon davlat mustaqilligini mustahkamlash yo‘lida jiddiy to‘siqlar yaratishga uringaniga qaramay, xalq uni asrab-avaylash va mustahkamlashga muvaffaq bo‘ldi. Mustaqil Ozarbayjonni dunyo tan oldi va ayni damda davlat jahon hamjamiyatining eng nufuzli aʼzolaridan biri, geosiyosiy muhim mintaqa, barqaror iqtisodiyot va kuchli armiyaga ega davlat hisoblanadi.