“Aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini ta`minlash hamda davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko`rsatishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Hukumat qarori (539-son, 14.10.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2023 yil 15 oktyabrdan:
➖o`zgalar parvarishiga muhtoj bo`lgan yolg`iz yashovchi hamda yolg`iz keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslar “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish markazlari tomonidan tasdiqlangan jadval asosida bir yilda kamida bir marotaba chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkaziladi;
➖ijtimoiy xodimlarga fuqarolardan kam ta`minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash bo`yicha arizalarni qabul qilish vakolati beriladi.
2024 yil 1 yanvardan I guruh nogironligi bo`lgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi bo`lgan bolaga, shuningdek, davolash muassasasining xulosasiga ko`ra o`zgalarning parvarishiga muhtoj bo`lgan 80 yoshga to`lgan qariyalarga qarab turishning haqiqiy holatlari ijtimoiy xodimlar tomonidan bir yilda bir marotaba o`rganiladi va o`rganish ma`lumotlari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali yuritib boriladi.
2024/2025 o`quv yilidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan o`tkaziladigan “Eng faol ijtimoiy xodim” ko`rik tanlovining viloyat bosqichida g`olib bo`lgan ijtimoiy xodimlar davlat oliy ta`lim muassasalariga “Ijtimoiy ish” mutaxassisligi bo`yicha to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilinadi.
2024 yil 1 iyuldan moddiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarni hisobga olishning yagona tizimini yaratish orqali har bir fuqaro (oila) uchun belgilangan ijtimoiy to`lovlar, taqdim etilgan imtiyozlar, shu jumladan, subsidiyalar, xizmatlar va yordamlarning har bir fuqaro kesimida “Ijtimoiy himoya” ATda hisobi yuritiladi, shuningdek, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ochilgan davlat jamg`armalari va boshqa jamg`armalar integrasiya qilinadi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan:
2023 yil 1 noyabrdan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar eksperiment tariqasida yo`lga qo`yiladigan tuman (shahar)larda “Inson” ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish markazlarida og`ir hayotiy vaziyatga tushgan shaxslar uchun psixologik yordam ko`rsatish tizimi joriy etiladi;
2023 yil 15 noyabrgacha o`zining tizimiga kiradigan tashkilotlarga tegishli bino va inshootlarga ijtimoiy himoya yo`nalishidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini, zaruratga ko`ra, tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish choralari ko`riladi;
2023 yil 1 dekabrgacha tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o`tkazish natijasiga ko`ra nogironligi bo`lgan shaxs uchun sog`lig`ining holatiga ko`ra mumkin bo`lgan mehnat faoliyati turlari va mehnat sharoitlari to`g`risidagi ma`lumotlar integrasiyasi ta`minlanadi;
2024 yil 1 yanvargacha ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining murojaatlarini tezkor ko`rib chiqishga mo`ljallangan “ishonch telefoni” ishga tushiriladi.






