IIV yo`l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik takomillashtirilayotgani uchun Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksga o`zgartishlar kiritish to`g`risidagi qonun loyihasini e`lon qildi.
Unga ko`ra, hujjat bilan mazkur kodeksning 128-moddasiga tegishli o`zgartirishlar kiritiladi.
Bunda, yuk avtomobillarida yo`lning chetki chap qatorida harakatlanmaganlik hamda chapga burilishda yoki qayrilib olishda teng ahamiyatli yo`ldan qarama-qarshi yo`nalishdan to`g`riga yoki o`ngga harakatlanayotgan transport vositalariga yo`l bermaganlik uchun jarima solish rejalashtirilyapti.
Vazirlikka ko`ra, yuk avtomobillariga oid yuqoridagi taritb Yo`l harakati qoidalarining 67-bandi uchinchi va to`rtinchi xatboshilarida belgilab qo`yilganiga qaramay, amalda yuk avtomobillari tomonidan yo`lning chap qatorida yuqori tezlikda harakatlanishi yoxud boshqa transport vositalariga xalaqit qilish va avariyali holatlarini keltirib chiqarmoqda.
«Yo`l harakati qoidalarida yuk avtomobillari tomonidan yo`l chekkasida harakatlanishga oid talablar mavjud, biroq, MJtKda ushbu talablarga rioya etilmaganligi uchun javobgarlik mavjud emas», – deyiladi hujjat loyihasi tushuntirishida.
Bundan tashqari, Yo`l harakati qoidalarining 107-bandida chapga burilishda yoki qayrilib olishda relssiz transport vositasining haydovchisi teng ahamiyatli yo`ldan qarama-qarshi yo`nalishdan to`g`riga yoki o`ngga harakatlanayotgan transport vositalariga yo`l berishi shart. Bu qoidaga tramvay haydovchilari ham o`zaro amal qilishlari kerakligi belgilangan.
Ammo, bu talabni buzganlik uchun ham MJtKda javobgarlik mavjud emas.
Vazirlikning ta`kidlashicha, bunday holatlarning takrorlanishi oqibatida haydovchilarga tegishli ta`sirchan choralar ko`rish imkoniyati mavjud bo`lmagan, shuningdek ular turli og`ir YTHlar kelib chiqishiga sabab bo`lmoqda.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda MJtKning 128-moddasiga tegishli o`zgartirishlar kiritilib, huquqbuzarlarga nisbatan BHMning ikkidan bir qismi miqdorida jarima solish ko`zda tutilmoqda.






