AsosiyJamiyat

Shaharlar ko`chalarida og`ir yuk tashuvchi transport harakati soat 08:00 dan 22:00 ga qadar cheklanishi mumkin

'Shaharlar ko`chalarida og`ir yuk tashuvchi transport harakati soat 08:00 dan 22:00 ga qadar cheklanishi mumkin'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining “Katta hajmli va og`ir vaznli transport vositalarining avtomobil yo`llarida harakatlanishini tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori loyihasi e`lon qilindi.

Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligining quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari ma`qullanishi mumkin:

  • a) avtomobil yo`llarida avtomatlashtirilgan o`lchov vositalari bilan jihozlangan vazn va hajm parametrlari nazorati bo`yicha stasionar shoxobchalar (o`lchov-nazorat shoxobchalari) o`rnatish va undan foydalanishga xususiy sektorni jalb qilish tizimini joriy etish;
  • o`lchov-nazorat shoxobchalari o`rnatiladigan joylar elektron auksion savdolarida g`olib bo`lgan tadbirkorlik sub`ektlariga uzoq muddatli ijara asosida va boshqa tadbirkorlik sub`ektiga o`tkazish huquqi bilan biriktirish;
  • b) Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “Muomalaga chiqarilayotgan g`ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to`g`risida”gi umumiy texnik reglamentda belgilangan yuk ko`tarish me`yorlariga javob bermaydigan importdan olib kelingan og`ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalarining (samosval va sochiluvchan yuklarni tashuvchi yarim tirkamalar) respublika hududidagi harakatini tartibga solish;
  • belgilangan yuk ko`tarish me`yorlariga javob bermaydigan import qilinayotgan va hozirgi kunda faoliyat ko`rsatayotgan og`ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalarini respublika hududiga olib kirish va harakatlanishini taqiqlash;
  • v) mahalliy ahamiyatga ega umumiy foydalanishdagi avtomobil yo`llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko`chalarida og`ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalari harakatini soat 08:00 dan 22:00 ga qadar cheklash.

Shunday tartib o`rnatiladiki, unga ko`ra:

a) Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo`llari qo`mitasi:

  • o`lchov-nazorat shoxobchalari o`rnatiladigan joylarini belgilaydi va mazkur joylarni elektron onlayn-auksionlar tizimi bo`yicha g`olib bo`lgan tadbirkorlik sub`ektlariga belgilangan talablar asosida biriktiradi;
  • tadbirkorlik sub`ektlari bilan hamkorlik qiladi va ular tomonidan o`rnatilgan o`lchov-nazorat shoxobchalarini muntazam ravishda nazorat qilib boradi;
  • o`lchov-nazorat shoxobchalari o`rnatiladigan joylar Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo`l harakati xavfsizligi xizmati bilan kelishiladi.

Tadbirkorlik sub`ektlari:

  • o`lchov-nazorat shoxobchalarining uskunalari va dasturiy-texnik vositalarini belgilangan texnik talablarga muvofiq xarid qiladi va o`rnatadi;
  • o`lchov-nazorat shoxobchalarini, shu jumladan biriktirilgan avtomobil yo`li hududida, o`z mablag`lari hisobidan saqlash ishlarini amalga oshiradi hamda elektr energiyasi, axborot-kommunikasiya tarmoqlari bilan ta`minlab, foydalanish xarajatlarini qoplaydi;
  • b) Investisiya, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo`mitasi belgilangan me`yordan ortiq yuklarni tashish uchun mo`ljallangan avtotransport vositalarini (samosval va sochiluvchan yuklarni tashuvchi yarim tirkamalar) respublika hududiga chet davlatlardan import qilinishida hukumat qarori bilan tasdiqlangan “Muomalaga chiqarilayotgan g`ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to`g`risida”gi umumiy texnik reglament talablariga qat`iy rioya etilishini ta`minlaydi;
  • v) Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo`l harakati xavfsizligi xizmati va Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi:
  • umumiy foydalanishdagi avtomobil yo`llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko`chalarida belgilangan me`yordan ortiq yuk bilan harakatlanayotgan avtotransport vositalari ustidan; belgilangan vaqtdan tashqari vaqtda mahalliy ahamiyatga ega umumiy foydalanishdagi avtomobil yo`llari, shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko`chalarida og`ir yuklarni tashuvchi avtotransport vositalari harakatini cheklash bo`yicha qat`iy nazorat o`rnatadi;
  • g) Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi qurilish-montaj ishlariga loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishida va ob`ektlar qurilish jarayonida qurilish materiallarini tashish uchun qo`llanadigan avtotransport vositalarini reglament talablariga mos kelishi ustidan nazorat qiladi.

    Boshqa yangiliklar