AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Xavfsizlik kengashlari kotiblariga murojaat yo`lladi

'Shavkat Mirziyoev Xavfsizlik kengashlari kotiblariga murojaat yo`lladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoevning Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining ikkinchi yig`ilishi ishtirokchilariga murojaat yo`lladi.

«Hurmatli Xavfsizlik kengashlari kotiblari!

Muhtaram Bosh kotib!

Hurmatli delegasiya a`zolari!

Turkiy sivilizasiya markazlaridan biri bo`lgan Toshkent shahriga tashrif buyurgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari ikkinchi yig`ilishining barcha ishtirokchilarini chin qalbimdan qutlayman.

Avvalo, sizlarning timsolingizda hamkasblarim – Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar rahbarlariga o`zimning chuqur hurmat-ehtiromimni hamda O`zbekiston raisligini qo`llab-quvvatlaganlari uchun samimiy minnatdorchiligimni bildiraman.

Turkiy davlatlar tashkilotining jadal o`sib borayotgan salohiyati va obro`-e`tibori – bu bizning do`stligimiz va birdamligimiz kuch-qudratining hamda faqat birgalikda sezilarli va ulkan natijalarga erisha olishimizning yaqqol tasdig`idir.

Samarqandda bo`lib o`tgan tarixiy sammit yakunlari Tashkilot rivojida yangi davrni boshlab berdi. Qator muhim hujjatlar, jumladan savdo va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish hamda Investisiya fondini tashkil etish to`g`risidagi bitimlar qabul qilindi.

So`nggi yilda Turkiy davlatlar tashkilotida O`zbekiston raisligida muhim ahamiyatga molik va keng qamrovli ishlar amalga oshirildi, hamkorligimiz yanada kengaydi hamda yangi yuksalish sur`atiga ega bo`ldi.

Bugungi kunga kelib ko`ptomonlama hamkorlikning barcha yo`nalish va sohalarini qamrab olgan o`ttizdan ortiq yirik tadbirlar o`tkazildi.

Tashkilotimizni institusional jihatdan isloh qilish, “yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni”ni yaratish, transport sohasida o`zaro bog`liqlikni mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligi bo`yicha hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

O`zbekistonning raisligi doirasida mamlakatlarimizning iqtisodiyot, savdo, sog`liqni saqlash, ta`lim, kosmos, energetika vazirliklari va idoralari hamda maxsus xizmatlari rahbarlarining qator muhim uchrashuvlari o`tkazildi.

Turkiy dunyoning ilm-fan, madaniyat va san`at sohalaridagi taraqqiyotiga hissa qo`shgan atoqli shaxslarni taqdirlash uchun ta`sis etilgan Alisher Navoiy nomidagi mukofot birinchi marta topshirildi. O`zbekiston Xalqaro turkiy madaniyat tashkilotiga to`laqonli a`zo bo`ldi, TURKSOY tashkil etilganining o`ttiz yilligi tantanali ravishda nishonlandi. 

Biz Tashkilot zaxiralaridan imkon qadar samarali foydalanish hamda turkiy mamlakatlarning integrasiya borasidagi salohiyatini barcha sohalarda oshirish bo`yicha izchil ish olib boramiz. 

Qadrli yig`ilish ishtirokchilar!

Bugungi anjuman Tashkilot kun tartibidagi o`ta muhim voqealardan biridir, chunki vakolatli idoralarning xavfsizlikka qarshi zamonaviy tahdidlarni bartaraf qilish va mamlakatlarimizni barqaror taraqqiy ettirish yo`llarini izlash bo`yicha hamkorlikdagi ishlari alohida ahamiyat kasb etib bormoqda.

Bunday formatdagi uchrashuv xavfsizlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashish hamda bugungi notinch dunyodagi umumiy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi birgalikda javoblar ishlab chiqish uchun samarali maydon bo`lib xizmat qiladi.

O`tgan yili Anqara shahrida bo`lib o`tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a`zo davlatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblarining birinchi yig`ilishida erishilgan samarali natijalarni yuqori baholaymiz.

Ishonchim komilki, turkiy tilli mamlakatlar Xavfsizlik kengashlari kotiblari darajasidagi ko`p tomonlama hamkorlik mexanizmi Turkiy davlatlar tashkiloti makonida xavfsizlik sohasidagi muloqotni mutlaqo yangi darajaga olib chiqadi.

Hurmatli delegasiyalar rahbarlari va a`zolari!

Ushbu yig`ilish xalqaro miqyosda murakkab vaziyat hukm surayotgan bir sharoitda bo`lib o`tmoqda. Bugungi kunda jahon prognoz qilish qiyin bo`lgan va hatto oldindan aytib bo`lmaydigan oqibatlarni keltirib chiqaradigan fundamental o`zgarishlarni boshidan kechirmoqda.

Xalqaro maydonda o`zaro ishonch va bir-birini tushunish inqirozi keskin sezilmoqda. Global va mintaqaviy xavfsizlikka qarshi tahdidlar kuchaymoqda va yangi xavf-xatarlar vujudga kelmoqda.

Shu munosabat bilan sizlar rahbarlik qilayotgan tuzilma va idoralarga alohida mas`uliyat yuklatilmoqda.

Sizlar ishtirok etayotgan yig`ilish kun tartibi juda sermazmun, birgalikda qarorlar qabul qilishni hamda o`zaro hamjihatlikda faoliyat yuritishni talab etadigan muhim masalalar sizlarning e`tiboringizga havola qilinmoqda.

Bugun sizlar terrorizm, ekstremizm va yoshlarning radikallashuvi, kiberjinoyatchilik, narkotik vositalarning tarqalishi, transchegaraviy jinoiy guruhlar faoliyatiga qarshi kurashishda kuchlarni birlashtirish hamda favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish bilan bog`liq bo`lgan keng ko`lamdagi dolzarb vazifalar yuzasidan fikr almashasiz.

Ushbu anjuman mamlakatlarimiz va mintaqadagi xavfsizlikka nisbatan tahdidlarni bartaraf etishda o`zaro hamkorlikdagi sa`y-harakatlar samaradorligini oshirish imkonini beradigan sermahsul fikr almashuvlar hamda yangi taklif va tashabbuslarga boy bo`lishini tilayman.

O`zbekiston zaminiga xush kelibsiz!

Mamlakatimizga tashrifingiz mazmunli va samarali bo`lsin!», deyiladi murojaatda.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar