Raqobatni rivojlantirish qo`mitasi benzin sotib olishdagi cheklovlar tufayli taqchillik ehtimoli borligi haqidagi xabarlarni rad etdi. Qo`mitaga ko`ra, 17 oktyabrdan benzin xaridi limiti 5 tonnadan 10 tonnaga oshirilgan. Taqchillik va narxlarning oshishiga yo`l qo`ymaslik bo`yicha ishchi guruhlar tuziladi.
Raqobatni rivojlantirish va iste`molchilar huquqlarini himoya qilish qo`mitasi ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekistonda Ai-80 benzini sotib olishga cheklovlar kiritilgani va bu taqchillikka olib kelishi mumkinligi haqidagi xabarlarga izoh berdi.
Qo`mita ma`lumotlariga ko`ra, birja savdolarida benzinning 80 foizi 1 tn lotlarda, qolgan qismida vagon normasida (60 va 55 tn) sotilmoqda va bugungi kunda birja savdolarida Ai-80 benzinini sotib olish bo`yicha cheklov o`rnatilmagan.
"Agar avgust oyida jami kunlik 2,8 ming tn mahsulot qo`yilgan bo`lsa, oktyabr oyida o`rtacha 3,2 ming tonnadan savdoga chiqarilmoqda, ya`ni taklif 14 foizga oshirilgan, bu esa ko`proq xaridorlarga mahsulotni olishga imkoniyat yaratadi", — deya ta`kidladi qo`mita.
"Benzinga talabning mavsumiyligini hamda narxlarning yuqori darajada tez o`zgaruvchanligi hisobga olgan holda qo`mitaga amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq narxlarni barqarorlashtirish maqsadida bir savdoda mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdorini belgilash vakolati berilgan va ushbu chora mahsulotga talabning oshishi davrida bir necha yildan buyon bozor muvozanatini barqarorlashtirish uchun davlat tomonidan qo`llab kelinadigan nomonetar vosita hisoblanadi", — deyiladi bayonotda.
Shundan kelib chiqib, avgust oyida benzin narxlarining oshishi natijasida mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdori 5 tn etib belgilangan edi. Mazkur choralar hamda taklifni oshirilishi sentyabr oyi oxirida hamda oktyabrning birinchi yarmida birja savdolarida benzin narxlarining 10 foizgacha pasayishiga va birmuncha barqarorlashishiga olib keldi, deya ta`kidladi qo`mita.
Shularni inobatga olgan holda, shuningdek, jahon bozorlaridagi yuzaga kelgan salbiy tendensiyalardan (neft narxlarining oshishi, benzin eksportiga o`rnatilgan cheklovlar) kelib chiqib import narxlarining ichki bozorga ta`sirini yumshatish maqsadida 17 oktyabrdan mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdori 10 tonnagacha oshirildi, deya ta`kidladi qo`mita.
Bugungi kunda respublikadagi 2 mingdan ortiq AYoQShlarning 99 foizida Ai-80 benzini 6800 so`mgacha bo`lgan barqaror narxlarda sotilmoqda, deyiladi qo`mita xabarida.
Shu bilan birga, 19 oktyabrda qo`mitada Energetika vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Soliq qo`mitasi, "O`zbekneftgaz" AJ, "Sanoat energetika guruhi" MChJ XK, "O`zRTXB" AJ hamda "O`zenergoinspeksiya" vakillari ishtirokida savdoga chiqarilayotgan benzin hajmlarini oshirish hamda narxlarini barqarorligini ta`minlash masalalari muhokamasi bo`lib o`tdi.
Bunda ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahsulotning qo`shimcha hajmlarini birja savdolariga chiqarish bo`yicha aniq choralar hamda chakana narxlarning asossiz oshishini oldini olish bo`yicha qo`mitada Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Soliq qo`mitasi va "O`zenergoinspeksiya" bilan birgalikda respublika va hududiy ishchi guruhlar tuzilishi belgilandi.
Benzin bilan ta`minlashda qo`mita tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda benzin bozorida tanqislik va ajiotajni oldini olish bo`yicha o`z vakolatlaridan kelib chiqib tezkor zarur choralarni ko`rib boradi, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, "O`zbekneftgaz" AJning benzin borasidagi rasmiy ma`lumotiga ko`ra, bugun kunning ikkinchi yarmidan boshlab ayrim AYoQShlarda kuzatilgan AI-80 benzini taqchilligi masalasi kechga borib bartaraf etiladi va AYoQShlarda benzin avvalgidek tartibda sotuvga chiqariladi.