AsosiyJamiyat

So`nggi ikki yilda suv xo`jaligiga byudjetdan 22 trillion so`m ajratilgan

'So`nggi ikki yilda suv xo`jaligiga byudjetdan 22 trillion so`m ajratilgan'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 2024 yil uchun davlat byudjetining asosiy yo`nalishlari hamda tarmoq va hududlarda amalga oshiriladigan vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig`ilishi o`tkazildi.

Davlat byudjeti daromadlarini ko`paytirish, xarajatlarini optimallashtirish bo`yicha har bir soha, tarmoq va hududlar kesimida mavjud zaxira va imkoniyatlar atroflicha tahlil qilindi.

Avvalo, yirik sanoat tarmoqlarida xarajatni qisqartirish orqali tannarxni kamaytirish bo`yicha aniq vazifalar belgilandi. Masalan, joriy yilning birgina to`rtinchi choragida 349 ta yirik sanoat korxonasida 2,1 trillion so`m xarajatlarni kamaytirish mumkinligi hisob-kitob qilingan. Bu ishlarni tizimli davom ettirish uchun hukumatga kelgusi yilda yirik tarmoqlarda tannarxni 15-20 foiz kamaytirish bo`yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Hududlarning daromad bazasini kengaytirish masalasiga to`xtalib o`tildi. Jumladan, past quvvatda ishlayotgan korxonalarga ko`mak berib, ularni to`liq quvvatga chiqarish choralari belgilandi. Tadbirkorlikni rivojlantirib, soliq bazasini kengaytirish, afzalliklar berish orqali “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish muhimligi aytildi.

Qishloq xo`jaligida “katta sakrash”ga faqat ilm orqali erishish mumkinligi ta`kidlandi. Bu borada er sifati, nav va agrotexnologiyaga zamonaviy ilmiy yutuqlarni keng tatbiq etish orqali bir gektarda paxta hosildorligini 50 sentnerga, g`allada 100 sentnerga etkazish vazifasi qo`yildi.

Mintaqamizda suv muammosi kun sayin dolzarb bo`lib bormoqda. So`nggi ikki yilda suv xo`jaligiga byudjetdan 22 trillion so`m, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarga qariyb 1 trillion so`m subsidiya ajratilgan.

Shu bois kelgusi yillarda sug`orish kanallarini betonlash, suv tejovchi texnologiyalar o`rnatish ishlariga ajratiladigan mablag` ko`paytirib boriladi. Jumladan, kelgusi yilda markazlashgan investisiya hisobidan 1,7 trillion so`mlik va xalqaro moliya tashkilotlaridan 300 million dollarlik suv infratuzilmasi loyihalari amalga oshiriladi. Davlatimiz rahbari bu masalaga kengroq to`xtalib, sug`orish kanallarini betonlash bo`yicha uch yillik dastur qabul qilinishini ta`kidladi.

 

    Boshqa yangiliklar