Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbaev Adliya vazirligining nodavlat notijorat tashkiloti hisoblangan Advokatlar palatasi raisi bo`yicha taqdimnoma kiritishi Konstitusiyaga zid ekanligi haqida Konstitusiyaviy sudga shikoyat kiritdi. Sobiq deputat bu haqda o`z Telegram kanali orqali xabar berdi.
Unga ko`ra, yangi Konstitusiyaning 72-moddasiga ko`ra, davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashishiga yo`l qo`yilmaydi.
Shu bois, shikoyatda "Advokatura to`g`risida"gi qonunda yangi Konstitusiya talablariga zid normalarni ko`rib chiqish va Konstitusiya ustuvorligini ta`minlash choralarini ko`rish so`ralgan.
Konstitusiyaning 16-moddasida birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitusiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emasligi belgilangan.
Yaqinda Advokatlar palatasining navbatdagi konferensiyasi bo`lib o`tadi va unda yangi rais saylanadi. Agar Konstitusiyaga zid qonun o`zgartirilmasa palataga yangi rais kim bo`lishini yana Adliya vazirligi hal qiladi.
Ma`lumot uchun: qonunga ko`ra, fuqarolar Konstitusiyaga zid qonun va boshqa hujjatlar ularning huquqlarini buzayotgani bo`yicha Konstitusiyaviy sudga shikoyat kiritishlari mumkin.






