Toshkent viloyati bojxonachilari tomonidan bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o`tilishiga doir qonunbuzarlik holatlarni muntazam fosh qilishmoqda. Navbatdagi ana shunday holat fosh qilindi, deya xabar qilmoqda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi.
Jumladan, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Yallama” chegara bojxona postiga fuqaro boshqaruvida kirib kelgan “DAF” rusumli avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazildi. Natijada, avtomashinaning bagaj qismida, yo`lovchi deklarasiyasida ko`rsatilmagan hamda og`zaki so`rovda ma`lum qilinmagan, 1 dona qog`oz quti ichida og`irligi 1,85 kg. “porox” moddasi borligi aniqlandi.
Ekspertiza xulosasiga binoan “porox” moddasi portlovchi moddalar tarkibiga kiradi.
Ma`lumot uchun: O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246-moddasiga binoan bojxona nazoratini chetlab yoki bojxona nazoratidan yashirib, deklarasiyasiz o`q-dorilar va portlovchi moddalarni O`zbekiston Respublikasining hududiga noqonuniy olib kirish kontrabanda jinoyati hisoblanib, bojxona chegarasidan o`tkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.






