AsosiyJamiyat

Jizzaxda noqonuniy ishdan bo`shatilgan 4 kishi ishga tiklanib, ular foydasiga 83 mln so`m undirildi - Ombudsman

'Jizzaxda noqonuniy ishdan bo`shatilgan 4 kishi ishga tiklanib, ular foydasiga 83 mln so`m undirildi - Ombudsman'ning rasmi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmatining bergan xabariga ko`ra, Ombudsmanga 4 nafar fuqaro Kadastr agentligining Jizzax viloyat boshqarmasidan asossiz ishdan bo`shatilganliklari sababli ishga tiklashda  yordam so`rab murojaat qilgan. 

Ushbu murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, holatni joyiga chiqib o`rganish  uchun Ombudsmanning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakili O`tkir Jo`raevga yuborilgan. Holat Jizzax viloyat kambag`allikni qisqartirish va Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat nazorat inspeksiyasi xodimlari bilan o`rganilganda aniqlanishicha, 4 nafar murojaatchi ish joyida shtatlar qisqartirilganligi vaji bilan ishdan bo`shatilgan, lekin, bu jarayon mehnat qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilmagan.

Shundan so`ng, murojaatchilarni ishga tiklash va oylik maoshi hamda ma`naviy zararlarni undirish bo`yicha fuqarolar manfaatida sudga da`vo ariza kiritilgan. 

Fuqarolik ishlari bo`yicha Jizzax tumnalararo sudining tegishli hal qiluv qarori bilan da`vo qanoatlantirilib, 4 nafar murojaatchi oldingi egallab turgan lavozimlari uchun bo`sh shtatlar mavjud emasligi sababli, ularga tenglashtirilgan va yuqori bo`lgan vazifalarga tiklangan.

Shuningdek, ularning har biriga o`rtacha 15 mln so`mga yaqin oylik ish haqlari hamda 6 mln so`mdan ma`naviy zarar, jami  83 mln so`mga yaqin summa undirib berilgan. 

    Boshqa yangiliklar