O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev Ostona shahrida bo`lib o`tayotgan Turkiy Davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig`ilishida Yaqin Sharqdagi ziddiyatli holat haqida gapirdi.
“Global xavfsizlikni ta`minlashda yangi muammolar yuzaga kelmoqda va xalqaro huquq me`yorlaridan chekinish holatlari kuchaymoqda.
Ayniqsa, Yaqin Sharqda uzoq vaqtdan buyon davom etayotgan Falastin-Isroil muammosining nihoyatda xavfli tus olgani barchamizni jiddiy xavotirga solmoqda. Qurolli to`qnashuvda tinch aholi, ayniqsa, keksalar, ayollar va bolalar orasida qurbonlar va jarohat olganlar soni keskin ortib, nizoning keng yoyilib ketish xavfi kuchaymoqda.
Shu munosabat bilan tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarga barham berib, o`t ochishni to`xtatishga, gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga chaqiramiz.
Mazkur muammoning yagona va eng adolatli echimi – nizoni “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etishdir.
Falastin xalqi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyusiyalarida belgilanganidek, mustaqil davlat barpo etish huquqiga ega.
Biz Tashkilotimiz doirasida bu boradagi yakdil va qat`iy pozisiyamizni butun dunyoga e`lon qilishimiz zarur”, - deb ta`kidladi Shavkat Mirziyoev.






