Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining XVI sammitida ishtirok etish uchun 8-9 noyabr kunlari Toshkentga kelishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Oltin Asr” mahalliy turkman telekanali xabar bermoqda.
“Hukumat yig`ilishida Turkmaniston delegasiyasining O`zbekistonga amaliy tashrifiga tayyorgarligi muhokama qilindi. Berdimuhamedov xalqaro tashkilotlar doirasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish mamlakat tashqi siyosati strategiyasining ustuvor yo`nalishi ekanini ta`kidladi”, — deyiladi xabarda.
Ushbu tashkilotning avvalgi sammiti 2021 yil 28 noyabr kuni Turkmaniston poytaxtida bo`lib o`tgandi. Yakunda mintaqada energiya xavfsizligini oshirish muhimligi haqida gapirilgan Ashxobod konsensusi qabul qilingan.
Ushbu hujjat, umuman olganda, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti davlatlarining savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika va energetika sohalarida hamkorligini kengaytirishga qaratilgan.
Ashxoboddagi sammitda tashkilotga a`zo 10 ta davlatdan 7 tasi dengizga chiqish imkoniga ega bo`lmagani uchun yagona transport kengashini tuzish tashabbusi ham bildirilgandi.
Yakuniy deklarasiyada Afg`onistonda siyosiy inklyuziya muhimligi, asosiy inson huquqlari, jumladan, ayollar himoyasi, terrorizmga qarshi kurashda samarali choralar ko`rilishi ta`kidlangan.






