Turkiyaning Egey mintaqasidagi eng go`zal shaharlaridan biri bo`lgan Izmir, mashhur "Lonely Planet" sayohat qo`llanmasi turkumi tomonidan "2024 yilning eng yaxshi shaharlari" ro`yxatiga kiritildi. 1973 yildan buyon butun dunyo bo`ylab sayohat yo`nalishlari borasida qimmatli ma`lumotlarni taqdim etib kelayotgan "Lonely Planet", navbatagi “Best in Travel 2024” tashrif buyurish tavsiya etilgan sayohat yo`nalishlarining o`n to`qqizinchi nashri reytingini e`lon qildi. Sayohat bo`yicha mutaxassislar guruhi tomonidan tuzilgan ushbu ro`yxat besh toifaga bo`lingan: mamlakat, mintaqa, shahar, barqarorlik va qiymat. Qo`llanmaning "Eng yaxshi shaharlari"dan biri deb tanlangan Izmir qadimiy manzilgohlari, taniqli sohillari, betakror manzaralari, antiqa taomlari va jozibasi bilan maqtovga sazovordir.
"Lonely Planet" ma`lumotlariga ko`ra, Izmirning dengiz qirg`og`ida joylashganligi uning katta ustunligidir. Nashrning yozishicha, Izmirning tarixiy bozorlari, madaniyat va san`at maskanlari, uzumzorlari, go`zal sohillari va qadimiy manzilgohlari mintaqaga tashrif buyurish uchun jiddiy sababdir. "Lonely Planet", har yili iyun-iyul oylari orasida o`tkaziladigan turli konsert va raqs namoyishlarini o`z ichiga olgan Xalqaro Izmir festivaliga ham alohida e`tibor qaratdi.
Izmir Turkiyaning uchinchi yirik shahri bo`lsada, yuqori hayot sifatiga hissa qo`shadigan qulay muhitga ega. YuNESKOning Jahon merosi ro`yxatida bo`lgan Efes qadim shahri har yili millionlab sayyoh tomonidan ziyorat qilinadi. Bu shahar binolari yashash uchun qurilgan bo`lib, deyarli ikki kilometrlik qirg`oq chizig`iga ega. Uning qulay joylashgani hamda dengiz bo`yidagi go`zal shahar va sohillarga oson erishuvi Izmirning jozibadorligini oshiradi. Izmirning g`arbiy qirg`og`i Fochadan Urlagacha, Karaburundan Cheshme yarim oroliga qadar ko`plab shinam qishloqlar va mashhur sohil aholi punktlari bilan to`la. Uzumzorlari va turk vinolari bilan mashhur Urlada mehmonlar mahalliy tamaddixonalarda mazali taomlardan bahramand bo`lishlari mumkin. Shu bilan birga, Egey o`tlari va dengiz mahsulotlari iste`moli Cheshme yarim orolining yuragi bo`lmish Alachatida keng tarqalgan. Bundan tashqari, Izmirning bu yil Michelin GUIDE ro`yxatiga kiritilgani ham undagi oziq-ovqat va ichimliklar sifatini belgilovchi yirik omillardandir.
Turkiyadan EuroVelo 8 - O`rta Er dengizi yo`nalishi uchun tanlangan ilk shahar bo`lgan Izmir, shuningdek, velosiped yo`llari va "Bicycle-Friendly" sertifikatiga ega mehmonxonalari bilan mintaqani ikki g`ildirakda kashf qilishni istagan sayohatchilar uchun ham qulay yo`nalishdir.