Rossiya Premer-ligasining 12-turida “Rubin” jamoasi o`z maydonida Moskvaning “Lokomotiv” futbolchilariga qarshi bahs olib bordi, deb xabar bermoqda Sports.uz.
So`nggi kunlarda jurnalistlarning “yoqimtoyi”ga aylanib ulgurgan Vitaliy Denisovning jamoasi “Kazan-Arena”dan mag`lubiyat bilan qaytadigan bo`ldi.
Uchrashuvning 69-daqiqasida mezbonlar vakili Maksim Kanunnikov “Lokomotiv” himoyasidagi pala-partishlikdan unumli foydalandi. Burlakning bosh bilan bergan zarbasi darvoza ustuniga tegib, Maksim Kanunnikovning oyoqlari ostiga borib tushdi. Kanunnikov esa bu to`pni osonlikcha darvoza to`riga joylab qo`ydi.
Gol o`tkazib yuborgan “temiryo`lchilar” hisobni tenglashtirish uchun hujumga zo`r berishdi. Biroq yana o`sha himoyadagi xatoliklar “Lokomotiv”ga pand berib qo`ydi. Oddiy holatda to`pni oldirib qo`ygan Vitaliy Denisov jarima maydoni yaqinida o`yin qoidasini buzishga majbur bo`ldi. Bu “standard” vaziyatni mezbonlar osonlikcha golga aylantira olishdi. Jarima to`pini amalga oshirgan Tkachuk jamoadoshi Jonatasni to`p bilan ta`minlay oldi. Yuqorilatib uzatilgan to`pni Jonatas osonlikcha darvozaga joylab qo`ydi, 2-0.
Shundoq ham Rossiya chempionatida ishlari yurishmayotgan “Lokomotiv” a`zolari yana bir bahsda mag`lubiyatga uchradi. “RPL”ning 12-turiga kelib faqatgina ikki marotaba g`alaba qozongan “temiryo`lchilar” turnir jadvalining 11-o`rniga tushib ketishdi.
Rubin – Lokomotiv 2:0
Gollar: Maksim Kanunnikov 69’, Jonatas 77’
Rubin: Rijikov, Burlak, Sanches, Bauer (Bergstrem 87’), Nabiullin, Mvila, Saktash (Song 59'), Tkachuk, Rochina (Samu 67’), Jonatas, Kanunnikov.
Lokomotiv: Gilerme, Mixalik, V. Denisov , Yanbaev, Peychinovich, Miranchuk, Samedov (Xenti 46’ – Shkuletich 83’), Fernandesh, I. Denisov, Maykon, Kolomeysev (Kasaev 83’).





