1

Yillar o`tib topilgan baxt

Mutolaa 01.11.2016, 14:30
Yillar o`tib topilgan baxt

Ota-onamning yolg`iz farzandi edim. Tilab-tilab, o`n yilda topgan farzandini eru ko`kka ishonishmas, uyda hatto taom ham mening istagimga ko`ra pishirilardi. Shunga qaramay onam menga uy-ro`zg`or yumushlarini yaxshilab o`rgatdi. Kitoblarga mehrim bo`lakcha bo`lgani uchun Kumush, Ra`no, Zolushka kabi ijobiy qahramonlarga havas ruhi bor edi menda. Shuning uchun meni «Erka bo`lsa-da, tantiq emas» deyishardi…

Oradan yillar o`tib, maktabni bitiradigan vaqtim etdi. Oppoqqina, baland bo`yli, sochlariyu qosh-ko`zi timqora, bir so`z bilan aytganda, ko`zga yaqin qiz bo`lgandim. Sinfdoshlarim kabi mening ham oldimda «kim bo`lsam ekan?» degan savol ko`ndalang turardi. Ochig`i, shu paytgacha bir qarorga kelmaganim uchun aktrisa bo`lish istagida Teatr va rassomchilik institutiga otlangan dugonamga ergashdim. Ota-onamdan sir tutgan holda hujjatlarimni topshirdim. Qaytib kelayotganimda ortimdan birov kuzatayotganini sezdim. Qarasam, kelishgan, qad-basti raso yigit. O`zimni sezmaganga oldim. U to uygacha izma-iz keldi. Darvozamizni yopib, tirqishidan mo`ralasam, men kirgan eshikka biroz tikilib turdi-da, keyin qaytib ketdi. Shu-shu ortimdan qolmaydigan bo`ldi. Keyin bilsam, Hayrullo ismli bu yigit Teatr va rassomchilik institutining to`rtinchi kurs talabasi bo`lib, mashhur bir rejissyorning o`g`li ekan.

Kirish imtihonlaridan yiqilib, hayotdagi birinchi zarbani, aniqrog`i, achchiq saboqni oldim. Xayrullo esa izimni poylashda davom etaverdi. U qildi-bu qildi, xullas, ko`nglimga yo`l topdi. O`n etti yoshimda ota-onamning qarshiligiga qaramay shu yigitga turmushga chiqdim. Lekin bechoralar mendan oq fotihasini ayashmadi. Keyin ham yosh oilamizni muntazam qo`llab-quvvatlab turishdi.

Qaynonam qattiqqo`l ayol edi. U bilan turishni istamadim. Erim ijaraga uy oldi. Oradan bir yil o`tgach, o`g`illi bo`ldik. Xayrullo akam bitirish arafasida bo`lgani uchun uzzukun institutdan beri kelmasdi. Men esa nuqul bolamni ko`tarib onamnikiga chopardim. Onam chaqaloqni boqar, yana menga istagan ovqatimni pishirib berib, siylardi. Qarasam, erimnikidan ko`ra onamnikida yashash menga ko`proq yoqa boshladi. Bir kuni «bor-e» dedim-da, uyga qaytmay qo`ya qoldim. Avvaliga erim bir necha kunlik erkalik, deb qo`yib berdi. Keyin olib ketish payiga tushdi. Biroq menga oilaviy hayot ham, turmush o`rtog`iyu ona bo`lish ham yoqmay qolgandi. «Ajrashaman!» dedim. Ota-onam tushuntirishga harakat qilishdi, erim ostonaga yotib oldi, lekin ahdimdan qaytmadim. Chunki hali ham bola edim. Men ishq deb o`ylagan narsa shunchaki havas bo`lib, bir yildayoq so`ngan, o`zimni qurbon qilib, farzandimni o`ylab yashash haqida o`ylaydigan darajada etuk inson emasdim. Oilam buzilib ketdi. O`g`limni tirik etim qildim. Buning dahshatini hali yaxshi tushunmasdim.

Bolamni onamga qoldirib, bir korxonaga kotiba bo`lib ishga kirdim. O`shandagina ersizlik nimaligini tushundim. Yonimdan o`tgan ham, ketgan ham etagimga osilardi. Rahbarning o`zi esa ikkinchi xotin bo`lishni ochiqchasiga taklif etdi. Ishdan bo`shashga to`g`ri keldi. Ota-onam farzandim va meni hech nimadan kam qilmasliklariga ishonardim, ammo ularni bog`lab berib qo`ymaganini ham yaxshi anglardim. Tezroq biror kasb egallab, oyoqqa turib olishim kerak edi. Maktabda a`lo baholarga o`qirdim. Shu sababli o`zimni qo`lga olib, bir yil yaxshilab tayyorlandim-da, tibbiyot institutiga hujjatlarimni topshirdim. Omadim kelib, talaba bo`ldim.

Erim bilan ajrashishga ariza berib qo`ygandim, ammo farzand bilan ajrashish oson emas ekan. Muhlat berishdi. Kirish imtihonlariga tayyorlanish bilan bo`lib muhlat haqida umuman unutibman. Esimga tushganda, berilgan muddat o`tib ketgandi. Endi qayta ariza topshirishim kerak ekan. Negadir bunday qilgim kelmadi. Umuman, bu muammo haqida o`ylamaslikka qaror qildim va uni miyamning eng qorong`i burchagiga uloqtirdim, o`qishga mukkasidan ketdim. Erim esa har oy farzandim uchun pul yuborardi. Tasodifan u er-bu erda uchrashib qolsak, men bilan bir og`iz so`rashar-so`rashmas, o`girilib ketardi.

Tibbiyot institutida o`qish oson emasdi. Kitoblar, laboratoriya, amaliyot bilan o`ralashib, etti yil ham o`tdi. Bu vaqtda o`g`lim ota-onamning qaramog`ida bo`ldi. Va nihoyat, diplomni qo`lga oldim. Shifoxonalardan birida ish faoliyatimni boshladim.

Yoshim yigirma oltiga chiqib, oq-qoraning farqiga boradigan bo`ldim. O`g`lim ham maktabga chiqdi. Shundagina uning otasizligi bilindi. Tengdoshlari orasida ko`ngli yarimligini sezardim. Men engiltaklik bilan katta xatoga yo`l qo`yganimni allaqachon anglagandim. Biroq ortga yo`l yo`q edi. Onam boshqa turmush qilishim kerakligini, bolamga ota zarurligini uqdirardi. Negadir bu haqida umuman o`ylagim kelmasdi.

Erimning ishlari esa anchagina rivojlanib borar, u suratga olgan filmlar og`izga tushib, mashhur rejissyorga aylangandi. Muxlisalari ham talay bo`lsa kerak, deb o`ylardim o`zimcha. «Qachon uylanarkan? Bu xabarni qanday qabul qilarkanman? Nahotki u haqida hamon o`ylasam?..» Oxirgi paytlar ana shunday xayollar menga tinchlik bermasdi.

Uzoq kutilgan voqea sodir bo`ldi. Uning uylanayotgani haqidagi xabar menga qattiq ta`sir qildi. Avvaliga o`zimni hech nima bo`lmagandek tutdim. Keyin quvnoq bo`lishga intilib, kuni bo`yi bo`lar-bo`lmasga xandon otib kulaverdim. Atrofdagilar bundan hayron edilar. Kechga borib kayfiyatim tushib ketdi. «Qanaqasiga uylanadi?! Hali men bilan qonunan ajrashmagan-ku?» deb jahlim chiqardi. O`sha kecha ilk bora qilgan ishimdan pushaymon bo`lib, tuni bo`yi yig`lab chiqdim.

Ertasiga tobim qochib, ishga borolmadim. Indiniga ham. Tomog`imdan ovqat o`tmas, uyqumdan halovat qochgandi. Erimning uylanayotgani haqidagi xabarni menga onam etkazgani uchun ahvolimning sababini bilardi. «Qo`yaqol endi, uylansa uylanar. Erkak kishi bo`ydoq o`tarmidi?! Sen ham baxtingni toparsan», deb yupatishga uringani sayin alamim ortardi. Bir hafta shu alfozda yotdim. Rangimda rang qolmagandi. Shu etti kun ichida onam menga nimadir aytmoqchi bo`lib qiynalayotganini sezdim. Oxiri buning sababi oydinlashdi…

O`sha kuni eshikdan Xayrullo akam kirib kelganida, avvaliga hech narsani tushunmadim. Keyin esa hammasi onam bilan hamkorlikda puxta o`ylab chiqib, sahnalashtirilgan tomosha ekanini angladim. Ma`lum bo`lishicha, erim ajrashishga kelmaganimdan o`ziga yarasha xulosa chiqargan. Onam bilan til topishib, o`g`limizni tez-tez ko`rib turarkan, faqat o`zini dada emas, sehrgar amaki deb tanishtirgan ekan. O`g`lim allaqanday sehrgar haqida gapirib yurar, buni bolalik fantaziyasi mahsuli, deb unchalik e`tibor bermasdim. Xullas, sakkiz yil davomida Hayrullo akam sezdirmay doim meni qo`llab yurgan. O`sha menga nojo`ya nazar bilan qaragan korxona rahbarining ham ta`zirini beribdi. Institutda o`qishlarim bilan qiziqibdi. Imtihon yoki sinovlarni qayta topshirish imkoni menga oson berilishini shunchaki omadga yo`yib, rosa soddalik qilgan ekanman-da. Ishga joylashishim ham Xayrullo akamning yordami bilan bo`libdi. Bularning baridan bexabar yurganim esa o`zimga ortiqcha bino qo`yganimdan edi. Eng oxirgi yolg`on esa uylanish xabari bo`libdi.

— Shuncha kundan beri ahvolingga qarab, ichim ezilib yurgandim. Bugun Xayrullojonga qo`ng`iroq qilib, ortiq chiday olmasligimni, sirni fosh qilib qo`yishim mumkinligini aytdim. Shunga o`zi kela qoldi.

— Nahotki, sakkiz yil davomida uylanish, boshqa oila qurish haqida o`ylamagan bo`lsangiz? – so`radim erimdan.

– Aslo! Bir soniya bo`lsa ham senga qayta erishishim, o`g`limning meni «dada» deyishidan umid uzishim mumkin emasdi. Shunchaki, sen ulg`ayishing, hayotning achchiq-chuchugini totishing kerak edi. Qolaversa, menda ko`ngling bormi, yo`qmi – buni bilmasdim. Oxiri sabrim tugadi va uylanish haqidagi xabarni o`ylab topdim. Ammo haliyam ajrashish fikridan qaytmagan bo`lsang, bu haqda o`ylab ko`rishim kerak.

Men bunga yo`l qo`ya olmasdim, albatta. Xayrullo akamni qattiq sevardim. Faqat buni anglashim uchun uzoq sakkiz yil kerak bo`ldi. Ahmoqligim tufayli o`g`lim shuncha vaqt davomida otasidan uzoqda yashadi. Xayrullo akamni boshqaga berish haqida o`ylashning o`zi dahshat edi.

Bir paytlar zindon bilib, tashlab qochgan oilaviy hayotimni qayta tiklab, jon-jon deb suyukli yor va onalik vazifalarimga qaytdim. Oradan bir yil o`tgach esa ikkinchi o`g`limiz dunyoga keldi. Endi men bir yo`qotib topgan baxtimni juda-juda qadrlayman.

Shahnoza SOATOVA yozib oldi

 

 

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1