O`zbekiston Respublikasi delegasiyasi joriy yil 1-2 dekabr kunlari Dubay shahrida bo`lib o`tadigan BMTning Iqlim o`zgarishi to`g`risidagi hadli konvensiyasi ishtirokchilarining 28-konferensiyasi doirasidagi Iqlim o`zgarishlariga qarshi kurashish sohasidagi harakatlar bo`yicha jahon sammitida ishtirok etadi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Qayd etilishicha, dunyoning deyarli barcha mamlakatlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyati vakillari to`planadigan ushbu forum iqlim o`zgarishiga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish, iqlim bo`yicha strategiyalar va “yashil” energetikaga o`tishni moliyalashtirish borasidagi xalqaro sa`y-harakatlarni birlashtirishda g`oyat muhim ahamiyatga ega.
Iqlim o`zgarishi muammosi Orol dengizining qurishi oqibatida kelib chiqqan ekologik inqirozni boshidan kechirayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi uchun eng o`tkir muammolardan biriga aylanmoqda.
O`zbekistonda “yashil” kun tartibidagi masalalarni ilgari surishga jiddiy e`tibor qaratilmoqda, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini iqlim o`zgarishiga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish hamda qayta tiklanuvchi energetika ulushini oshirish choralari ko`rilmoqda.
O`zbekiston global ekologik xatarlarga qarshi kurashish bo`yicha ko`p tomonlama sa`y-harakatlarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, 2023 yil 13-17 noyabr kunlari Samarqand shahrida 130 dan ortiq mamlakat delegasiyalari ishtirokida BMTning Cho`llanishga qarshi kurashish konvensiyasi bajarilishini ko`rib chiqish qo`mitasining 21-yig`ilishi bo`lib o`tadi.
Kelgusi yilda Samarqandda Xalqaro iqlim forumi bo`lib o`tadi, unda Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqlim bilan bog`liq tahdidlarga qarshi kurashish bo`yicha sa`y-harakatlarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha BMT Bosh Assambleyasi rezolyusiyasi loyihasi muhokama qilinadi.
Dubay shahrida bo`lajak SOR-28da O`zbekiston milliy, mintaqaviy va global darajada iqlim o`zgarishiga qarshi kurashni kuchaytirish yuzasidan qator taklif va tashabbuslarni ilgari suradi.
Shuningdek, O`zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati tomonidan SOR-28 raisi sifatida ilgari surilayotgan muhim tashabbuslarni qo`llab-quvvatlaydi.






