AsosiyDunyo

Xitoyda bolalar o`rtasida noma`lum xavfli kasallik avj olmoqda

'Xitoyda bolalar o`rtasida noma`lum xavfli kasallik avj olmoqda'ning rasmi

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) Xitoydan bolalarda noma`lum pnevmoniya avj olgani haqida qo`shimcha ma`lumot so`radi, deya yozmoqda “zamon.uz”.

JSST matbuot xizmati Xitoy Xalq Respublikasi Milliy sog`liqni saqlash komissiyasi 13 sentyabr kuni Xitoyda respirator kasalliklar bilan kasallanish holatlari ko`paygani haqida xabar berganini eslatdi. Keyin Xitoy rasmiylari buni antikovid cheklovlari olib tashlanishi va ma`lum gripp viruslarining tarqalishi bilan izohladi.

"JSST Xitoyga respirator kasalliklar va bolalarda pnevmoniya epidemiyalari ko`payishi haqida batafsil ma`lumot berish uchun rasmiy so`rov yubordi", — deyiladi tashkilot bayonotida.

Kuni kecha The Telegraph nashri Xitoy shimolidagi bolalarda noma`lum pnevmoniya avj olgani haqida ProMed (dunyo bo`ylab odam va hayvonlar kasalliklari tarqalishini kuzatuvchi) ma`lumotlariga asoslanib xabar berdi. Nashrning qo`shimcha qilishicha, Xitoy kasalxonalari "kasal bolalar bilan to`lib ketgan" va epidemiya Pekin kabi yirik shaharlarga tarqalib bo`lgan.

The Telegraph ta`kidlaganidek, aynan ProMedning 2019 yil dekabr oyi oxiridagi ogohlantirishi ko`plab shifokorlar va olimlarning e`tiborini ilgari noma`lum bo`lgan, keyinchalik Sars-Cov-2 (COVID-19) deb ataladigan virusga qaratgandi.

Tayvanning FTV News telekanali ham Pekin va Liaoning kasalxonalari kasal bolalar bilan to`lib ketgani haqida xabar beradi.

"Ular yo`talmaydi va hech qanday alomat yo`q. Ularda shunchaki yuqori harorat (isitma) bor, ko`pchilikning o`pkasida tugunlar paydo bo`ladi", — dedi nashrga poytaxtliklardan biri.

Pekinlik yana bir fuqaroning aytishicha, endi shamollash belgilari bilan maktablarga kelish taqiqlangan va sodir bo`layotgan barcha hodisalar "davlat siri"dir.

    Boshqa yangiliklar