Rossiyaning Dimitrovgrad shahrida o`zbekistonlik erkak keksa ayolni o`ldirish va tunab ketishda ayblanib, qo`lga olindi. Bu haqda “Komsomolskaya Pravda” xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, Rossiya Tergov qo`mitasining Ulyanovsk viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari talonchilik va qotillikda gumonlangan 59 yoshli O`zbekiston fuqarosini hibsga olgan.
Tergov ma`lumotlariga ko`ra, joriy yilning 20 noyabr kuni Dimitrov ko`chasida joylashgan uyning kiraverishida o`zbekistonlik erkak keksa ayolga hujum qilib, unga bir necha marta pichoq urib, sumkasini o`g`irlab ketgan. Ayol olgan jarohatlari tufayli shu kuni shifoxonada vafot etgan.
Aniqlik kiritilishicha, mazkur jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan O`zbekiston fuqarosi ushbu mamlakat hududida noqonuniy yashab kelayotgan bo`lgan. Shu boisdan ham hozirda tergovchilar unga nisbatan qamoqqa olish chorasi qo`llanilishini talab qilmoqda. Holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.