AsosiyJamiyat

Tadbirkorlar o`rtasida yong`in xavfsizligi a`lochisi tanlovi o`kaziladi

'Tadbirkorlar o`rtasida yong`in xavfsizligi a`lochisi tanlovi o`kaziladi'ning rasmi

Hukumat qarori (620-son, 24.11.2023 y.) bilan “Yong`in xavfsizligi a`lochisi” tanlovini tashkil etish va o`tkazish tartibi to`g`risida”gi nizom qabul qilindi.

Unga ko`ra, tanlov 2024 yildan har yili oktyabr – dekabr oylarida yong`in chiqish xavfi bo`yicha I va II guruhga mansub ob`ektlarga ega tadbirkorlar o`rtasida navbat bilan yillar ketma-ketligida o`tkaziladi (yangi qurilayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan, kengaytirilayotgan, texnik jihatdan qayta jihozlanayotgan va kapital ta`mirlanayotgan ob`ektlar bundan mustasno).

Nomzodlarning arizalari tanlov e`lon qilingan kundan e`tiboran 20 kun mobaynida Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus elektron axborot tizimi orqali tuman (shahar) komissiyalari tomonidan qabul qilinadi (tanlovda ishtirok etish bepul).

Tanlovda qatnashish istagini bildirgan nomzodlar o`z arizalari bilan birga quyidagilarni taqdim etadi:

- tadbirkorlik sub`ektlari to`g`risidagi umumiy ma`lumot (ob`ektning manzili, faoliyat turi, tashkiliy-huquqiy shakli va boshqalar);

- belgilangan tadbirlarning bajarilganini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari, fotoalbom, 5 daqiqadan oshmagan, sifati yuqori bo`lgan videolavhali taqdimot materiali.

Tanlov 3 bosqichda tashkil etiladi:

1-bosqichda tanlovda ishtirok etish uchun munosib nomzodlarni tanlab olish maqsadida tuman (shahar) darajasida saralash tadbirlari o`tkaziladi.

2-bosqichda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari tuman (shahar) darajasida eng ko`p ball to`plagan nomzodlar bo`yicha taqdim etilgan hujjatlar va materiallarni ko`rib chiqadi va baholaydi.

3-bosqichda Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalari tomonidan taqdim etilgan nomzodlar o`rtasida tanlov o`tkaziladi.

Tanlovning yakuniy bosqichi har yili dekabr oyining ikkinchi 10 kunligida Toshkent shahrida o`tkaziladi.

Tanlovda g`olib deb topilgan nomzod 100 mln so`m miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi hamda uning faoliyati tanlov natijalari rasmiy e`lon qilingan kundan keyingi 2 yil davomida davlat yong`in nazorati organlari tomonidan tekshirilmaydi.

    Boshqa yangiliklar