AsosiyJamiyat

Konstitusiya g`amimi yoki populizm avjimi?

'Konstitusiya g`amimi yoki populizm avjimi?'ning rasmi

Mazkur masalada yuridik fanlar doktori, Toshkent davlat yuridik universiteti, Konstitusiyaviy huquq kafedrasi professori Eshmuhammad Qodirov o`z nuqtai nazarinibildirdi. 
So`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlarining u yoki bu qarori yoxud harakatiga nisbatan Konstitusiyani ro`kach qilib, o`z fikrini asosli yoki asossiz ekanligini o`ylamasdan bong urish, tushunib-tushunmay populistik chiqishlar, afsuski, odat tarziga aylanib bormoqda.

Bir qarashda Konstitusiyaviy sud tugatilib, uning vakolati shularga ulashib berildimikin, deb o`ylab qolasan, beixtiyor. Ijtimoiy tarmoqlardagi uchrayotgan, go`yoki Konstitusiya buzilayotganligi haqidagi ayrim iddaolarni o`qir ekanman Konstitusiyaviy huquq sohasi bo`yicha ko`p yillik o`qituvchi, shu soha bo`yicha olim sifatida jim qarab o`tira olmadim. Ushbu masala yuzasidan huquqshunos professor-o`qituvchilar jamoasi vakili sifatida munosabat bildirishga qaror qildim.

Mazkur maqolamda Advokatlar palatasi va uning raisi bo`yicha Adliya vazirligi tomonidan taqdimnoma kiritilishini Konstitusiyaga zid ekanligi haqidagi hech bir jiddiy asosi yo`q fikrlar haqida so`z boradi.

Maqola avvalida, Advokatlar palatasi raisi Adliya vazirligi taqdimnomasiga binoan saylanishi tartibi shaxsan menga ham yoqmasligini, ko`pgina rivojlangan davlatlarda boshqa muqobil mexanizmlar joriy etilganligini, shulardan kelib chiqib, ushbu tartibni bekor qilish maqsadga muvofiq, deb hisoblashimni aytmoqchiman.

Lekin qonunosti hujjati yoki qandaydir nizomda emas, balki O`zbekiston Respublikasi qonunida to`g`ridan-to`g`ri belgilangan ushbu tartibni Konstitusiyaga zid deb qat`iy fikr bildirishga qarshiman. Fikrimni quyidagi dalillar bilan asoslab berishga harakat qilaman:

Birinchidan, davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashishiga yo`l qo`yilmasligi haqidagi konstitusiyaviy norma davlat ushbu tashkilotlar faoliyatini tartibga solmaydi yoki bu borada umuman aralashmaydi, degani emas.

Har qanday jamiyatda barcha, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlar uchun ham “o`yin qoidalari”ni aynan davlat o`z qonunlarida belgilab beradi, buni aralashuv deb baholash juda bahsli masala.

Davlatning tartibga solish funksiyasi barcha nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) uchun qo`llaniladi. Masalan, NNT o`tkazilishi rejalashtirilayotgan tadbirlari haqida adliya organlarini xabardor qiladi yoki xorijiy davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan, chet el fuqarolaridan pul mablag`lari va mol-mulk olishni kelishadi. Yoki bo`lmasa, xorijiy xodimlarni akkreditasiyadan o`tkazish majburiyati amal qiladi.

Davlatning nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o`zaro munosabatlaridagi ta`sir ko`rsatuvchi bunday institutlar haqida misollarni ko`plab keltirish mumkin. Bu singari institutlar aksariyat xorijiy, shu jumladan, rivojlangan mamlakatlarda ham keng qo`llaniladi.

Ushbu choralardan qaysi biri davlatning NNT faoliyatiga aralashuvi sanaladi? Masalan, lisenziya bermaslik, akkreditasiyadan o`tkazishni rad qilish, mol-mulk olishga ruxsat bermaslik yoki hattoki u yoki bu shaxsni NNT ishlashiga ruxsat bermaslik ham NNT faoliyatiga bevosita ta`sir qiladi.

Adliya vazirligining Advokatlar palatasi raisligiga nomzod ko`rsatishida esa, vazirlik o`zi xohlagan shaxsni emas, balki palata Boshqaruvi a`zolari orasidan nomzod ko`rsatadi, a`zolar esa bevosita advokatlar tomonidan saylanadi. Qolaversa, yakuniy qaror, advokatlar (Advokatlar palatasi Konferensiyasi timsolida) tomonidan qabul qilinadi (nomzod etarli ovoz olmasligi mumkin). Guvohi bo`lyapmizki, NNT faoliyatini tartibga solish va uning faoliyatiga aralashish o`rtasidagi nozik chegara mavjud.

Yana bir muhim jihatga e`tibor qaratish kerakki, Advokatlar palatasi oddiy NNT emas, uning faoliyati alohida qonun bilan tartibga solingan, davlat tomonidan bir qator funksiyalarni bajarish vakolati berilgan, majburiy a`zolik tartibi joriy qilingan, lisenziya berish masalasini, lisenziyaning amal qilishini to`xtatib turish va tugatish jarayonida, advokatlarning harakatlari yoki harakatsizligi oqibatida fuqarolarning buzilgan huquqlarini himoya qilishda bevosita ishtirok etish kabi ommaviy-huquqiy vakolatlar berilgan.

Bu ham bejiz emas, chunki ushbu institut fuqarolarning Konstitusiya bilan kafolatlangan odil sudlovga, malakali yuridik yordam olishga bo`lgan huquqlarini amalga oshirishning muhim sharti hisoblanadi. Bu borada advokatura zimmasida alohida mas`uliyat bor va bu funksiyalarni jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlariga zarar etkazmay bajarilishini tartibga solishda davlatning hamkorligiga zarurat tug`iladi.

Konstitusiyaviy huquqdan “a`lochi” ekanligiga da`vo qilayotgan ayrim shaxslar balkim ushbu masalalarni ham Konstitusiyaga zid, davlat tomonidan NNT faoliyatiga aralashuv sifatida baholashlari mumkindir, lekin davlat NNT bilan o`zaro munosabatlarida tartibga soluvchi, regulyator vazifasini bajarishi ijtimoiy zarurat ekanligini inkor etib bo`lmaydi va bu umumqabul qilingan huquqiy standartlardir.

Shunday ekan, alohida insonlarning, ayniqsa, huquqshunos diplomiga va advokat lisenziyasiga ega ayrim shaxslarning amaldagi qonunni Konstitusiyaga zid, deb o`z bilimlari, saviyalaridan kelib chiqib, sharh berishlari, qat`iy to`xtamga kelishlari va uni baralla aytib, populizmga berilishlari noto`g`ri, deb hisoblayman. Bu – ushbu shaxslarning huquqshunoslik mas`uliyatini unutib qo`yganliklaridan dalolat.

Ikkinchidan, davlat organlari va mansabdor shaxslarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatiga aralashishiga yo`l qo`yilmasligi haqidagi yangi tahrirdagi Konstitusiyaning 72-moddasi ikkinchi qismi yangi norma emas.

Ushbu norma Konstitusiyaning referendumdan oldingi 1992 yilgi tahririning 58-moddasi ikkinchi qismida ham belgilangan edi. Ikkala norma mazmunan bir xil, faqatgina “jamoat birlashmalari” tushunchasi “nodavlat notijorat tashkilotlari” deb o`zgartirilgan. 1991 yilgi “O`zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to`g`risida”gi hamda 1999 yilgi “Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida”gi qonunlar bo`yicha Advokatlar palatasini jamoat birlashmasi deb hisoblanadi (2008 yilga qadar “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to`g`risida”gi Qonunda respublika advokatlar jamoat birlashmasi deb yuritilgan).

Ta`kidlash lozimki, “Advokatura to`g`risida”gi Qonunga Advokatlar palatasiga oid qo`shimchalar 2008 yil 31 dekabrda kiritilgan hamda shu kunga qadar palata raisi Adliya vazirligi taqdimnomasi asosida saylanib kelingan. Vaholanki, 2008 yildan keyingi davrda ham Konstitusiya, “O`zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to`g`risida”gi va “Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risida”gi qonunlarga muvofiq davlatning NNTlar (jamoat birlashmalari) faoliyatiga aralashmasligi to`g`risidagi qoidalar amalda bo`lgan.

Demak, boshqacha aytganda, Advokatlar palatasi raisi lavozimiga nomzod ko`rsatish tartibi bo`yicha masala yangilangan Konstitusiya bilan bog`liq holda vujudga kelmagan. Oldin ham Konstitusiyada va amaldagi qonunlarda xuddi shu tarzdagi normalar mavjud bo`lgan. Endi, ushbu masalani yangi tahrirdagi Konstitusiyaga bog`lab jar solishni shaxsan men Asosiy qonunni obro`sizlantirish, populizm, soxta obro` orttirishga urinish vositasi deb hisoblayman.

Advokatlar mustaqilligi uchun “jon kuydirib” jar solayotgan ayrim sobiq deputatlarimizga esa, eski tahrirdagi Konstitusiya amalda bo`lgan davrda, xalq vakili maqomida bo`lganligini inobatga olib, o`sha paytda ushbu muammoni ko`tarib, o`z vakolatidan foydalanib, qonunchilik tashabbusi huquqi orqali hal qilishga qadamlar bosilsa bo`lmasmidi, degan haqli savol ham tug`iladi.

Uchinchidan, huquqiy davlatda u yoki bu qonun, qonunosti hujjati yoki uning alohida normasini Konstitusiyaga muvofiqligini baholash Konstitusiyaviy sudning mutlaq vakolati hisoblanadi. Mamlakatimizda hali Konstitusiyaviy sud tarqatilib, uning vakolati bir guruh “populizm” ustalariga bo`lib berilgani yo`q. Shunday ekan, xalqimizda “chumchuq so`ysa ham qassob so`ysin”, degan maqol bor. Bir inson hamma soha bo`yicha universal mutaxassis bo`lolmaydi. Bir kuni huquqdan, boshqa kuni ekologiyadan, yana boshqa kuni siyosat yoki iqtisodiyotdan masala ko`tarib, ular bo`yicha, qat`iy, professional xulosa berish imkoni yo`q narsa. Bu masalada biroz kamtarroq bo`lish zarar qilmaydi, deb hisoblayman.

Umuman olganda, yuqorida ta`kidlaganimdek, meni bu masala bo`yicha yozishga undagan holat – ijtimoiy tarmoqlarda turli-tuman mavzularni Konstitusiyaga zid ekanligi haqida tushunib-tushunmay postlar qo`yish holatlari urchiyotganligi bo`ldi. Masalan, shu oyning boshida yana bir elektron OAVda Jinoyat kodeksidagi jazoni engilrog`i bilan almashtirish haqidagi norma jabrlanuvching huquqlariga oid konstitusiyaviy normaga zid ekanligi haqida yozib chiqdi. Muammo yo`q emas, bor, shubhasiz, odamlarning e`tirozlari ham o`rinli. Lekin, ushbu masalani Konstitusiyaga umuman aloqasi yo`q. Uni Konstitusiya bilan bog`lab siyosiylashtirishga qarshiman.

Muxtasar qilib aytganda, ushbu maqolaning bosh g`oyasi bu – qonundagi u yoki bu normani Konstitusiyaga zid, deb o`zboshimchalik bilan baho bermaslik kerak. Masalaga mohiyatan, professional yondashish zarur. Albatta, muammoni aytish, keng muhokama qilish, unga echim taklif etish juda muhim va zarur. Lekin har qanday muammoga siyosiy tus berib, populizmga aylantirish noto`g`ri. Buni savodsizlik deb bo`lmaydi, balki o`ziga obro` orttirishga, auditoriyani kengaytirib, e`tiborga tushishga urinish, desak to`g`ri bo`lsa kerak.

 

    Boshqa yangiliklar