O`tgan hafta davomida, ya`ni 20 – 26 noyabr kunlari “O`zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning barcha savdo platformalarida 2 877,4 mlrd so`mlik tovarlar sotilgan bo`lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 14,2% ga ko`pdir.
Bunda tuzilgan bitimlarning qariyb 60,4% birja savdolariga, qolgan 39,6% qismi esa elektron tijorat savdo tizimlariga to`g`ri keldi.
Ko`rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 736,5 mlrd so`mlik tovar resurslari sotildi, shu jumladan:
Sement
O`tgan haftada birja savdolari orqali 34 657,0 tonna sement sotildi. O`rtacha kunlik sotuv hajmlari 6,9 ming tonnani tashkil qildi. Ko`rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo`yicha shakllangan kunlik o`rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 630,4 ming so`mdan 621,3 ming so`mgacha pasaydi. O`tkazilgan savdolarda har kuni o`rtacha 62 ta xaridor ishtirok etdi.
Suyultirilgan gaz
Birja savdolariga 5 725,0 tonna suyultirilgan gaz qo`yildi va uning 5 375,0 tonnasi, ya`ni 93,9% sotildi. O`tkazilgan savdolarda har kuni o`rtacha 211 ta xaridor ishtirok etdi. Ko`rib chiqilayotgan davrda suyultirilgan gaz bo`yicha shakllangan kunlik o`rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 6 945,1 ming so`mdan 6 878,0 ming so`mgacha pasaygan.
Bug`doy
O`tgan hafta mobaynida birja savdolarida 34 719,0 tonna bug`doy sotildi. O`tkazilgan savdolarda har kuni o`rtacha 41 ta xaridor ishtirok etdi. O`rtacha kunlik sotuv hajmlari 6 944,0 tonnani tashkil qildi. Ko`rib chiqilayotgan davrda bug`doyning kunlik o`rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 2 909,8 ming so`mdan 2 843,5 ming so`mgacha pasaydi.






