29 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi.
Ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalar, shu jumladan joriy yil 5-7 oktyabr kunlaridagi Rossiya Federasiyasiga oliy darajali tashrif chog`ida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko`rib chiqildi.
Etakchilar O`zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib, ko`p qirrali hamkorlik kengayib borayotganini qayd etdilar.
O`zaro tovar ayirboshlash ko`rsatkichlarining o`sish sur`ati saqlanmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperasiya loyihalari amalga oshirilmoqda, hududlararo aloqalar rivojlanmoqda. Kuni kecha Jizzax viloyatida birgalikda tashkil etilgan yirik agrologistika majmuasi ishga tushirildi.
O`zbekiston va Rossiya rahbarlari madaniy-gumanitar almashinuv faol kechayotgani hamda sog`liqni saqlash sohasida dasturlar amalga oshirilayotganini ham olqishladilar.






