AsosiyJamiyat

1 dekabrdan "Suyunchi puli” miqdori qanchaga oshishi ma`lum bo`ldi

'1 dekabrdan "Suyunchi puli” miqdori qanchaga oshishi ma`lum bo`ldi'ning rasmi

Xalq tilida "Suyunchi nafaqasi" deb ataladigan bola tug`ilganda beriladigan bir martalik nafaqa amaldagi qonunchilikka muvofiq har bir tug`ilgan farzand uchun to`lab beriladi.

Pensiya jamg`armasi bergan ma`lumotlariga ko`ra, bola tug`ilganda beriladigan bir martalik nafaqa summasi – mehnatga haq to`lashning eng kam miqdorining 70,3 foizi deb belgilangan. Ya`ni hozirgi kunda bu miqdor 688 ming 940 so`mni tashkil etadi.

Prezident farmoni bilan joriy yil 1 dekabr kunidan mamlakatda ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdori 7 foizga oshiriladi. Xususan, mehnatga haq to`lashning eng kam miqdori – oyiga 980 ming so`mdan 1 million 50 ming so`mga ko`tariladi. Bunda “suyunchi” puli miqdori ham 728 ming so`mga etadi.

Suyunchi nafaqasini olish uchun qaerga murojaat qilish kerak?

Aholiga ko`rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, bunda fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish maqsadida «suyunchi nafaqasi»ni tayinlash bo`yicha xizmatlar 2020 yildan boshlab, fuqaroning murojaatisiz kompozit shaklida amalga oshirilmoqda.

Ya`ni, bugungi kunda bola tug`ilganda bolaga beriladigan familiya, ism va ota ismi, ota-ona va ularning nikohi, bola ro`yxatga qo`yiladigan poliklinika va ichki ishlar bo`limi, navbatga qo`yiladigan davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti haqidagi barcha ma`lumotlar tibbiyot muassasasi (tug`ruqxona, shifoxona tug`ruq bo`limi, oilaviy poliklinika) tomonidan «Tug`ilish va o`limni, shu jumladan perinatal o`limni elektron ro`yxatga olish» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi.

Pensiya jamg`armasi tomonidan barcha zaruriy ma`lumotlar tibbiyot muassasasi va FHDYo axborot tizimlaridan elektron shaklda olingan holda «Suyunchi» nafaqasi avtomatik ravishda tayinlanadi.

Bunda, bolaning otasi yoki onasi Pensiya jamg`armasiga murojaat qilmasdan to`g`ridan-to`g`ri Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilish orqali «suyunchi» nafaqasini olish imkoniyati yaratilgan. 

Bundan tashqari, fuqaroning xohishiga ko`ra ushbu nafaqalar Xalq bankiga ham murojaat qilmasdan ularning bank kartasiga yuklab berilishi mumkin.

Ma`lumot uchun, bola tug`ilgandan boshlab 6 oy muddat ichida bir martalik nafaqa pulini olish uchun Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilish mumkin.

Nafaqa tayinlash va to`lash jarayonlari osonlashtirilganligi natijasida ushbu nafaqani oluvchilar soni oshdi. Misol uchun, statistik ma`lumotlarga muvofiq, 2022 yilda tug`ilgan bolalar soni 932,2 mingtani tashkil etgan bo`lsa «suyunchi» nafaqasi 922,4 ming nafariga (yoki 98,9%) to`lab berilgan. Taqqoslash uchun, 2018 yilda tug`ilgan bolalar soni 768,5 ming nafarni tashkil etib, «suyunchi» nafaqasini olish uchun 681,7 ming nafar (yoki 88,7%) murojaat qilgan.

    Boshqa yangiliklar