Ijtimoiy tarmoqlarda Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi reanimasiya bo`limida 26 yoshli ayol vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati sog`liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati quyidagilarni ma`lum qildi.
Chiroqchi tuman G`allachi mahallasida yashovchi, 1997 yilda tug`ilgan A. G. shu yilning 10 oktyabr kuni soat 06:00da qarindoshlari tomonidan tug`ruq bo`limiga olib kelingan.
Qayd etilishicha, ayolda oxirgi ko`rik 2023 yil 13 sentyabrda, homiladorlikning 33-haftasida o`tkazilgan. Bunda ayolga yotib davolanish tavsiya qilingan, lekin ayol davolanishga bormagan.
Bo`limga kelganida ayolning umumiy ahvoli qoniqarli baholangan. 10 oktyabr kuni soat 16:10 da vazni 3400 og`irlikdagi o`g`il chaqaloqni dunyoga keltirgan. 2023 yil 12 oktyabr kuni ertalab soat 5-6 lar oralig`ida ayolning ahvoli og`irlashib, qornida kuchli og`riq paydo bo`lgan. Og`riqlar kuchaygach, birlashma xirurg vrachlari jalb qilingan, shundan so`ng viloyatdan jarroh, akusher-ginekolog va nefrolog chaqirilgan. So`ng bemorda operasiya o`tkazilgan.
Operasiyadan keyin ayolga tegishli muolajalar qilingan. Ammo ayolning umumiy ahvoli og`irlashgan, qilingan barcha muolajalarga qaramay u 2023 yil 16 oktyabr kuni soat 02:30 da vafot etgan.
Mazkur ona o`limi holati viloyat sog`liqni saqlash boshqarmasi kengaytirilgan yig`ilishida muhokama qilingan va bu borada tegishli choralar belgilangan.
"Ayni paytda mazkur holat Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan o`rganilmoqda" deyiladi xabarda.
▶️ @qashqadaryo_ssb