AsosiyDunyo

Nursulton Nazarboev birinchi marta ikkinchi oilasi, xotini Asel Isabaeva va ikki o`g`li haqida gapirib berdi

'Nursulton Nazarboev birinchi marta ikkinchi oilasi, xotini Asel Isabaeva va ikki o`g`li haqida gapirib berdi'ning rasmi

Qozog`iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboev “Mening hayotim” nomli xotiralar kitobini yozdi. Bu haqda Orda.kz xabar bermoqda.

Unda Nazarboev birinchi marta ikkinchi oilasi, xotini Asel Isabaeva va ikki o`g`li haqida ma`lumot berdi. 

“Kunlardan bir kun Toldiqo`rg`onga yo`lim tushdi. Davlat rahbarining hududlarga qilgan amaliy safarlari chog`ida samolyot zinapoyasida uni gullar bilan kutib olishadi. Menga aeroportda gul bergan qiz hayratlanarli darajada go`zal edi. Ochiq yuzli, olov ko`zli, nafis qomatli go`zal uzoq vaqt yodimda qoldi, uni tez-tez eslardim.

Bir oz vaqt o`tdi. Toldiqo`rg`on aeroportida meni kutib olgan o`sha go`zal qizning siymosi xotiramda qayta-qayta jonlandi. Kunlardan bir kun uni topishga to`satdan sabab paydo bo`ldi. Matbuotni ko`zdan kechirayotgan edim, gazetadagi surat e`tiborimni tortdi: Ostonada “Miss Qozog`iston” go`zallik tanlovi bo`lib o`tdi, unda o`sha qiz. Ismi Asel ekan. Gran-prini qo`lga kiritdi... Endi uni topish qiyin emasdi. Tanishuvimiz o`zaro simpatiyaga, simpatiya esa yaqinlashishga aylandi. Asta-sekin uchrasha boshladik. Aselning tashqi ko`rinishida ham, fikr-mulohazalarida ham men izlagan ko`plab fazilatlarni ko`rdim. Eng muhimi, men yillar davomida davom etgan ruhiy yolg`izlikdan xalos bo`ldim. Musulmon odatiga ko`ra turmush qurdik. Asel menga ikki farzand berdi – ikki pahlavon o`g`il. 2005 yilda Tauman, 2008 yilda esa Bayken tug`ilgan. 

Yoshligimdan suyanchim, eng og`ir sinovli soatlarda yonimda bo`lgan uch qizim – Darig`a, Dinara, Aliyaning onasi Soraga umrim davomida shukronalik, g`amxo`rlik bilan munosabatda bo`lganman. Bu og`ir hayotda taqdirimning o`sha burilish pallasida u meni tushunib, kechirgani uchun ham taskin topdim. Bo`ldi, do`stlar, sizga butun haqiqatni aytdim. Bunga nima deyish sizga bog`liq. Bu hayot. Inkor etilmas bir haqiqat bor: yuragingizga buyruq bera olmaysiz", — deydi Qozog`iston sobiq prezidenti.

    Boshqa yangiliklar