AsosiyJamiyat

JSST Evropa mintaqaviy byurosi: Har uch bemordan biri antibiotiklardan shifokor reseptisiz foydalanmoqda

'JSST Evropa mintaqaviy byurosi: Har uch bemordan biri antibiotiklardan shifokor reseptisiz foydalanmoqda'ning rasmi

​Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bakteriyalarning preparatlarga chidamli turlarini dunyo aholisi salomatligi uchun o`nta global tahdiddan biri, deb tan oldi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar bermoqda.

 Ekspertlar xulosasiga ko`ra, dori-darmonlarga chidamli mikroblar har yili jahon bo`yicha 5 million insonning hayotiga zomin bo`ladi. Ularning yarim milliondan ziyodi JSSTning Evropa mintaqaviy byurosiga a`zo 53 davlat hissasiga to`g`ri kelmoqda. Bu safda Markaziy Osiyo mamlakatlari ham bor. 

 Ana shu jo`g`rofiy kenglikda joylashgan 14 davlatda o`tkazilgan tadqiqotlarning tasdiqlashicha, bu hududda yashovchi aholning uchdan bir qismi antibiotiklarni shifokor reseptisiz qabul qiladi.
 Dori vositalaridan o`zboshimchalik bilan foydalanish superbakteriyalarning jadal ko`payishi va keng tarqalishiga imkon bermoqda. Oqibatda infeksiyalarni samarali  davolash jarayoni qiyinlashyapti.

 Xavotirli jihati, bu holat zudlik bilan tartibga solmnmasa, 2050 yilga borib, dorilarga chidamli bakteriyalardan yillik o`lim ko`rsatkichi 10 millionga etishi mumkin.  

G`arbiy Bolqon, Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqalaridagi 14 mamlakatni qamrab olgan tadqiqotga jalb etilgan 8221 nafar respondentning yarmi o`tgan yili antibiotiklardan foydalanganligini tan oldi. Eng yomoni, ularning 33 foizi antibakterial vositalarni shifokor reseptisiz sotib olgan. Hatto ba`zi mamlakatlarda bu ko`rsatkich 40 foizdan yuqori.

 Ishtirokchilarning 67 foizi antibiotiklardan noto`g`ri foydalanish zararli ekanligidan xabardor. Ammo ularning deyarli yarmi bunday dorilar viruslarga qarshi kurashda samara beradi, degan yanglish xulosada.

— Ushbu o`rganishlar aholining bunday preparatlar haqida xabardorligini yanada oshirish qanchalar dorzarb ekanligini anglatib turibdi,  —deydi JSST eksperti Robb Batler. — Qolaversa, mintaqamizdagi barcha mamlakatlarda antibiotiklarni shifokor reseptisiz sotishni taqiqlashga doir qonun-qoidalar mavjud. Faqat ularning ijrosini qat`iy nazoratga olish lozim.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar