Avvalroq, Erkak Toshkentdagi Mustaqillik ko`chasidan o`tgan, xalq tilida “Prezident trassasi” deb ataladigan yo`lning ustidagi ko`prikdan sakrab, o`z joniga qasd qilgani haqida xabar bergan edik.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Darakchi.uz'ga holat haqida qo`shimcha ma`lumot berdi.
Ma`lum qilinishicha, 2023 yilning 29 noyabr kuni Qoraqalpog`iston Respublikasida tug`ilgan 45 yoshli erkak o`zini Mirzo Ulug`bek tumani, Mustaqillik shoh ko`chasi va Kichik halqa yuli ko`chalari kesishmasida joylashgan ko`prikdan tashlab o`z joniga qasd qilgan.
Marhumning akasi suhbat davomida, ukasi shu yilning 26 noyabr kuni Toshkent shahriga uni oldiga ishlash maqsadida kelganligini, ukasini o`zi ishlaydigan “T.A” MChJga qarashli qurilish ob`ektiga brigadiri bilan suhbatga olib kirganligini, ammo ukasini tobi bo`lmagani sababli uni ishlash uchun holi bo`lmaganligini, shu sababli ukasi ishga kira olmaganligini, 29 noyabr kuni soat 06:00lar atrofida ukasi bilan o`zi vaqtinchalik istiqomat qilgan manzilda nonushta qilishganliklarini, ukasi unga Qoraqalpog`iston Respublikasiga qaytib ketishini, o`sha erda biror ish topishini aytganini, shundan so`ng u ish joyiga chiqib ketganligini ma`lum qildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.






