AsosiyJamiyat

"Markazlashgan tizim orqali aholiga uzluksiz va sifatli ichimlik suvi etkazib berish birmuncha mashaqqat, mehnat va xarajatlarni talab etadi", – "O`zsuvta`minot" AJ boshqaruvi raisi o`rinbosari v.b. Shoxruxali Sadillaev

'"Markazlashgan tizim orqali aholiga uzluksiz va sifatli ichimlik suvi etkazib berish birmuncha mashaqqat, mehnat va xarajatlarni talab etadi", – "O`zsuvta`minot" AJ boshqaruvi raisi o`rinbosari v.b. Shoxruxali Sadillaev'ning rasmi

Tabiat in`om etgan eng katta ne`matlardan biri bu –suv. Suv bo`lganda ham, aynan ichimlik suvi. Sayyoramizning 70 foizi suvliklardan iborat bo`lsada, uning atigi bir foizi iste`molga yaroqli. Bu juda yomon. 

Aytish joizki, dunyo aholisining chorak qismi istiqomat qiluvchi 25 davlatda har yili suv tanqisligi kuzatiladi. Uzoqqa bormaylik. O`zimizning O`zbekistonda ham ichimlik suvi muammosi yildan yilga kuchayib borayotgani sir emas. Hisob-kitoblarga ko`ra, 2030 yilga borib suv tanqis bo`lgan 33 ta davlat qatoriga tushib qolishimiz mumkin. 

Hukumat tomonidan yurtimizda suv tanqisligini oldini olish, uni tejash va eng muhimi mavjud suv zaxiralarimizni kelajak avlodga etkazish uchun bir qancha ishlar olib borilmoqda. Suv omborlari qurilyapti, suvdan noqonuniy foydalanganlik uchun jazo choralari kuchaytirilyapti, aholi orasida targ`ibot ishlari olib borilyapti va mana oxirgi islohotlardan biri ichimlik suvi narxlarini oshirish orqali uni tejashga erishilmoqda. 

Xo`sh, islohotlar samarasini beradimi, tariflar nimaning hisobiga oshirilyaptiyu, turli hududda turlicha? "O`zsuvta`minot" AJ boshqaruvi raisi o`rinbosari v.b. Shoxruxali Sadillaev savollarimizga javob berdi. 

Ichimlik suvi ta`riflari nimaning hisobiga shakllantiriladi?

– O`zbekiston hududida ichimlik suvi ta`minotining 42 foizi er osti va 58 foizi er usti suv manbalaridan ishlab chiqariladi.

Bugungi kunda markazlashgan tizim orqali aholiga uzluksiz va sifatli ichimlik suvi etkazib berish birmuncha mashaqqat, mehnat va xarajatlarni talab etadi.

O`zbekiston Respublikasi 784-sonli ichimlik suvi qonuniga asosan ichimlik va oqova suv tariflari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiriladi va monopoliyaga va moliya organlari xulosalari asosida hududiy xalq deputatlari kengashlari tomonidan belgilanadi.

Ichimlik suvi tarif darajalari shakllantirilishi ko`plab omillarni hisobga oladi. Tariflar hududlarning geografik joylashuvi, suv manbalarining aholi punktlarigacha uzoqligi, suv manbalarining chuchukligi va sho`rligi, qattiqlik darajasiga qarab qayta ishlash xarajatlari shuningdek, elektr energiya, ish haqi, reagentlar, mukammal va joriy ta`mirlash ishlari, amortizasiya ajratmalari, XMI kreditlari qaytarish xarajatlaridan tashkil topadi.

Respublikada 1 metr/kub ichimlik suvi uchun o`rtacha tarif aholi iste`molchilari uchun 1 384 so`m, byudjet tashkilotlari uchun 2 851 so`m va boshqa ulgurji iste`mochilarga 3 187 so`m, 1 metr/kub kanalizasiya xizmatlari bo`yicha o`rtacha tarif aholi iste`molchilari 888 so`m, byudjet tashkilotlariga 1 669 so`m va boshqa ulgurji iste`mochilarga 2 001 so`mni tashkil qiladi.

Respublika bo`yicha aholiga eng arzon 1 metr/kub tarif qiymati Toshkent shahrida 400 so`m, eng qimmat tarif qiymati Navoiy viloyatida 3 000 so`mni tashkil etadi.

Bugungi kunda ichimlik suvi tarifi aholiga markazlashgan tarmoqlar orqali 1 litr suv 1 so`m 38 tiyinga etkazib berilmoqda. Savdo do`konlarida esa 1 litr plastik qadoqdagi suv o`rtacha 3000 so`mni tashkil etmoqda. Bundan ko`rinadiki, 2 200 baravar arzon yoki savdo do`konlarida harid qilinadigan 1 litr suv puliga Toshkent shahrida 7 ming litr ichimlik suvi etkazib beriladi.

Ma`lumot sifatida, 1 metr kub ichimlik suv tarif xarajatlarida elektr energiya xarajatlari 27 foizni, mukammal va joriy ta`mirlash xarajatlari 19 foizni, Xorijiy moliya tashkilotlarining jalb etilgan kreditlarini qaytarish xarajatlari 21 foizni, ish xaqi xarajatlari 29 foizni, amortizasiya va boshqa xarajatlari 4 foizni tashkil etadi.

Ichimlik suvi ta`riflari nega bir xil emas?

– Ichimlik suvi ishlab chiqarish va etkazib berish xarajatlari farqlanishi hisobiga, tariflar har bir viloyat hududlarida har xil tashkil etadi.

Misol uchun, Toshkent shahriga ichimlik suvi Bozsu kanali orqali va Andijon viloyatiga esa Kampirovot suv omboridan er sathining farqi hisobiga o`zi oqar tarzida etkazib beriladi.

Navoiy viloyatida ichimlik suvi iste`molchilarga suv ta`minotining 70 foizdan ortig`i Samarqand viloyatidagi suv inshootidan ichimlik suv quvurlari orqali etkazib beriladi. Buning natijasida elektr energiya kamida 2 barobar ko`p sarflanadi.

Namangan viloyati o`zining geografik joylashuvi bo`yicha murakkab relefli hududda joylashgan bo`lib, asosiy aholi punktlari joylashgan xudud past - balandliklardan iborat. Bu o`z navbatida ichimlik suvini iste`molchilarga nasos agregatlari orqali 4-5 marotabagacha ko`tarib uzatilishi natijasida katta mikdorda elektr energiya sarfiga olib kelmoqda. 

Shunga ko`ra, ishlab chiqarish tannarxida elektr energiyasi xarajatlarining ulushi Toshkent shahrida 24 foiz, Andijonda 14 foiz, Namanganda 35 foizni tashkil etadi.

Osiyo va Evropadagi tarif miqdorlariqancha?

– Markaziy Osiyoda ichimlik suvi uchun to`lov narxi eng yuqori mamlakat Qozog`iston hisoblanadi. Mamlakatda hududlarga qarab aholiga 1 m3 suv uchun 73 tengedan (1 905 so`m) 304 tengegacha (7 934 so`m) belgilangan. Tojikiston aholisi esa 1 somonidan (1061 so`mdan) 1,73 somonigacha (1835 so`m) belgilangan.

Dunyodagi eng qimmat ichimlik suv uchun tariflar Evropa davlatlarida belgilangan. Xususan, Norvegiyada 5,51 evro (71 ming.so`m), Germaniyada 4,67 evro 
(60 ming.so`m), Daniyada 4,43 evro (57 ming.so`m) va Niderlandiyada 3,99 evro (51 ming.so`m).

Ichimlikk suvi tariflarinega oshdi?

– Birinchidan xarajatlarning oshgani.

Tarif darajalari so`nggi 3 yilda o`zgarishsiz saqlanganliginatijada o`rta hisobda 40 foizga oshgan tannarx harajatlari hisobidan 960 mlrd.so`m qoplanmasdan qolganligi;

  • “Yagona billing tizimi”ni joriy etish, shuningdek, aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta`minlash maqsadida so`nggi 3 yilda amalga oshirilgan yangi loyihalar hisobidan iste`molchilar sonining 3,2 mln. nafarga (808 ming abonent) oshganligi;
  • Soha xodimlarini ish xaqi miqdorlari so`nggi 3 yilda o`rtacha 
    1,3 mln.so`mdan 1,4 mln so`mga yoki atiga 10 foizga oshganligi;
  • Sohaga so`nggi 3 yilda davlat tomonidan 9,7 trln.so`m mablag`lar hisobiga 18,6 ming km ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari hamda 1 744 ta inshootlar qurish ishlari olib borilganligi;

Jumladan, Qashqadaryoda 1,1 trln.so`m (2,4 ming km tarmoq va 173 ta inshooti), Surxondaryoda 1,3 trln.so`m (1,8 ming km tarmoq va 98 ta inshooti), Toshkent viloyatida 1,2 trln.so`m (1,9 ming km tarmoq va 311 ta inshoot).

  • Xalqaro moliya institutlarining loyihalari davomida 410,3 mln.dollar o`zlashtirilganligi (joriy yilning birinchi yarim yilligida 106,7 mln.dollar, 24 ta loyiha doirasida);

Qashqadaryoda 19,2 mln.dollar va Toshkent viloyatida 147 mln.dollar.

  • Qo`shimcha ob`ektlar hisobiga ishlab chiqarilgan suv xajmi 
    2020 yilga nisbatan 2022 yilda 243 mln.metr kubga yoki 15 foizga oshgan. Elektr energiya sarfi sarfi ham 70 mln.kVt.soatga (32 mlrd.so`m) oshgan.

Ta`minlanlik darajasi 2021 yil boshida respublika bo`yicha o`rtacha 65,1 foizni tashkil etgan bo`lsa, bugungi kunda 74,4 foiz.

Albatta, yuqoridagi ko`rsatilgan loyihalar doirasi elektr energiya, ish xaqi, reagentlar, tarmoqlarni joriy va mukammal ta`mirlash bo`yicha qo`shimcha saqlash xarajatlari yuzaga kelgan. Bu xarajatlar 3 yil oldin tasdiqlangan amaldagi tariflarda ko`zda tutilmagan.

Ikkinchidan suv isrofini kamaytirish.

So`nggi paytda O`zbekistonda suv narxi arzonligi bois uni isrof qilish holatlari ko`paymoqda. Tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, Evropa davlatlarida suv narxi qimmatligi sababli uni tejash, suvdan unumli va to`g`ri foydalanish darajasi yuqori.

Narxlarni oshishi birinchi navbatda suv isrofini kamaytirish va bozor narxlarni joriy qilish orqali, undan unumli foydalanish darajasini oshirish nazarda tutilmoqda.

Ichimlik suvidan noqonuniy foydalanish yoki uni qasddan isrof qilish qanday javobgarlikka sabab bo`ladi?

– O`zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining “O`zgalar mulkini o`g`rilik, talonchilik va bosqinchilik bilan talon-toroj qilish jinoyat ishlari bo`yicha sud amaliyoti to`g`risida”gi 1999 yil 30 apreldagi 6-son qarorining 1-bandiga ko`ra jabrlanuvchining yoki boshqalarning yo`qligida yoki ular bor bo`lsada, ularga bildirmasdan o`zganing mol-mulkini yashirin talon-toroj qilish o`g`rilik hisoblanadi. Bordiyu jabrlanuvchi yoki boshqalar mol-mulkining olinayotganligini ko`rgan bo`lsada, lekin aybdor bildirmasdan harakat qilyapman deb o`ylagan bo`lsa, bunday qilmishni ham o`g`rilik deb tavsiflash lozim.

O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi ikkinchi qismini “d” va “e” bandlariga asosan o`g`rilik: 

d) umumiy foydalanishdagi vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o`zboshimchalik bilan ulanish yoxud sovuq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast etkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko`rsatkichlarini o`zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo`li bilan;

e) umumiy foydalanishdagi vodoprovod tarmoqlariga suv ta`minoti tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari tomonidan oldindan til biriktirib, tijorat maqsadlarida o`zboshimchalik bilan ulanish yoxud sovuq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast etkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko`rsatkichlarini o`zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo`li bilan sodir etilgan bo`lsa, —

bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bugungi kunga qadar ikkita holatda, fuqarolarga nisbatan ayni yo`nalishda jinoiy ish ochilib, 3 va 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish choralari ko`rildi. 

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, ichimlik suvi tarmoqlariga noqonuniy, manfaat topish maqsadida ulanish endilikda jinoiy javobgarlikka sabab bo`ladi. Shunday ekan, ichimlik suvidan noo`rin foydalanish, noqonuniy ulanish, uni behudagi isrof qilish nafaqat bebaho resursga nisbatan hurmatsizlik, balki mamlakatning suv siyosatiga nisbatan xiyonatdir. 

 

    Boshqa yangiliklar